Shavkat Mirziyoyev byurokratiyani bartaraf etish va sun‘iy intellektga bag‘ishlangan xalqaro forumlar ochilishida nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari so‘nggi yillarda byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta‘kidladi. Davlat xizmatlari soni 444 tadan 1040 taga oshdi, jarayonlarning avtomatlashtirilishi esa aholiga 55 mlndan ortiq xizmat ko‘rsatilishiga imkon berdi.
Tug‘ilish, nafaqa va pensiya kabi asosiy xizmatlar to‘liq raqamlashtirildi, proaktiv xizmatlar kengaydi. Elektron hujjat almashinuvi aholiga yiliga 23 mlrd so‘m tejash imkonini bermoqda.
Biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar sezilarli qisqartirildi, 150 dan ortiq xizmat elektron shaklga o‘tkazildi. “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili esa tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishni keskin yengillashtirdi.
Prezident byurokratiyani qisqartirish sohasida rejalashtirilgan ishlarni aytib o‘tdi. Xususan, 2030-yilga qadar davlat xizmatlari sonini 1,5 mingtaga yetkazish, elektron xizmatlar ulushini 95% gacha oshirish taʼkidlandi.
2026-yilda qo‘shimcha 250 ta xizmatni raqamlashtirish, “Qog‘ozsiz hukumat” tizimiga to‘liq o‘tish va mavjud 40 mln hujjatdan 25 mlntasini raqamlashtirish qayd etildi.
Shuningdek, proaktiv va kompozit xizmatlar soni 400 taga yetkaziladi, 2026-yilda 180 ta yangi xizmat joriy etiladi. Litsenziyalash, qurilish va kommunal tarmoqlarga ulanish sohasida 300 dan ortiq xizmat soddalashtiriladi. 4 ta kommunal tarmoqqa yagona ariza orqali ulanish imkoni yaratiladi.
100 dan ortiq xizmatlar muddatlari 50% gacha qisqartiriladi. 110 dan ortiq hujjat va ma‘lumot talab qilish to‘liq bekor qilinadi. Davlat xizmatlari portali, “Litsenziya” tizimi, “Yagona darcha” va koll-markazlar sun‘iy intellekt asosida ishlashga o‘tkaziladi.
Forum doirasida davlat rahbari byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlanganini e‘lon qildi. Uning ijrosini muvofiqlashtirish uchun “Dastur ofisi” tashkil etiladi, barcha vazirlik va idoralarda uni amalga oshirish uchun mas‘ul xodimlar tayinlanadi.
Aholi va biznes vakillari uchun dasturga taklif kiritish va idoralar faoliyatini baholash imkoniyati yaratiladi. Bu maqsadlar uchun $3 mlnlik mukofot jamg‘armasi shakllantirilib, eng ilg‘or tashabbuslar rag‘batlantiriladi.
Ushbu dastur 2030-yilga qadar O‘zbekistonni ortiqcha byurokratiyadan xoli, inson manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy davlat boshqaruviga ega mamlakatga aylantirishga xizmat qiladi.
21-noyabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda intellektual mulk sohasida 10 ga yaqin kompozit va proaktiv xizmatlar joriy etilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston sunʼiy intellekt bo‘yicha 5 mln prompt-muhandisni BAA tajribasi asosida o‘qitishi haqida yozgandi.
