O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari va O‘zenergoinspeksiyada rahbariyat o‘zgardi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Prezidentning tegishli qarori bilan, Dadajon Isaqulov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zenergoinspeksiya) boshlig‘i etib tayinlandi. Bungacha u 2019-yildan buyon “Milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

O‘z navbatida, Abdumalik Nazirov Milliy elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Ushbu tayinlovga qadar u davlat kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Iyul oyida Ilhom Nimatullayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i lavozimidan ozod etilgandi. Inspeksiya boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib muqaddam uning o‘rinbosari bo‘lgan Xurshidjon Eshqo‘ziyev tayinlandi.

Dadajon Isaqulov 1961-yilda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini Bo‘ka mashina-traktor parkida mexaniklikdan boshlab, 1985-yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagach, muhandis sifatida faoliyatini davom ettirgan.

1986-yildan buyon energetika sohasida ishlab, elektromontyorlikdan O‘zbekenergo raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Toshkent viloyatining tuman va magistral elektr tarmoqlariga rahbarlik qilgan, O‘zelektrtarmoqda direktor va bosh muhandis, Toshkent hududiy elektr tarmoqlari bosh direktori, O‘zdavenergonazorat va O‘zenergoinspeksiya inspeksiyalari boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Abdumalik Nazirov 1984-yilda Toshkent viloyatining Piskent tumanida tug‘ilgan, 2002-yildan buyon energetika sohasida faoliyat yuritib keladi. Toshkent davlat texnika universiteti va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Elektromontyor va muhandislikdan iqtisodiyot va sotuvlar bo‘yicha direktor, O‘zdavenergonazorat inspeksiyasi, magistral va hududiy elektr tarmoqlari departamentlari bo‘lim boshlig‘i, Energetika vazirligining Elektr tarmoqlari departamenti boshlig‘i lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.


Spot, avvalroq, Sherzod Kudbiyev Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish qo‘mitasi raisi etib tayinlangani haqida yozgandi. Farrux Pulatov Soliq qo‘mitasi raisi bo‘lgandi.