O‘zbekistonda “Intellektual mulk muhofazasi” portali ishga tushiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2026−2027-yillarda intellektual mulk sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Jumladan, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan intellektual mulk obyektlari soni 100 mingtaga yetkaziladi. Obyektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida texnologiyalaridan foydalanish orqali ekspertiza muddatlari 2 barobarga qisqartiriladi.
Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi” va IP Protection axborot portallari negizida “Intellektual mulk muhofazasi” portali ishga tushiriladi. Portalda intellektual mulk masalalariga oid murojaatlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, intellektual mulk obyektlari bilan bog‘liq shartnomalar onlayn tuziladi. Kontrafakt tovarlar hamda intellektual mulk huquqlarini buzganligi uchun faoliyati cheklangan veb-saytlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar joylashtiriladi.
2026-yil 1-martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingida intellektual mulkka oid huquqbuzarliklar uchun sud tomonidan javobgarlik belgilangan bo‘lsa, reyting ballari kamaytiriladi. Shu bilan birga, tovar va xizmat ko‘rsatish belgisiga egalik qilish tadbirkorga qo‘shimcha ball beradi.
Intellektual mulk obyektlariga doir muhofaza hujjatlari (guvohnoma, patent) dublikati to‘lov asosida onlayn shaklda beriladi. Bundan tashqari, “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi.
Obyektlarni boshqarish bo‘yicha quyidagilarda oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yiladi:
- 2026/2027 o‘quv yilidan — O‘zbekiston milliy universitetida;
- 2029/2030 o‘quv yiligacha kamida 4 ta oliy taʼlim muassasasida.
Kelasi yildan har yili “Eng yaxshi ixtiro”, “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi”, “Eng yaxshi EHM uchun dastur va maʼlumotlar bazasi” hamda “Eng yaxshi seleksiya yutug‘i” nominatsiyalari bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkazib boriladi.
Tanlovning har bir nominatsiyasi bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rin g‘oliblariga BHMning 150, 125 va 100 baravari (51,5 mln va 41,2 mln so‘m) miqdorida mukofot puli beriladi.
Avvalroq intellektual mulk sohasida 10 ga yaqin kompozit va proaktiv xizmatlar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
