Counterpoint Research’ning hisobotiga ko‘ra, xotira narxlari 2025-yilning to‘rtinchi choragida 30% ga, keyingi yil boshida esa yana 20% ga oshishi mumkin.
Xotira modullarining narxlari chiplarning jiddiy tanqisligi sababli 2026-yilning ikkinchi choragiga kelib joriy darajadan 50% ga ko‘tarilishi ehtimoli mavjud.
Hozirgi kunda eng yuqori o‘sish xavfi eski LPDDR4 narxlarida kuzatilmoqda. Keng qamrovli va uzoq muddatli xavf omili zamonaviy chiplarga nisbatan namoyon bo‘lmoqda.
Chunki NVIDIA serverlarda LPDDRga bo‘lgan talabni oshirishi butun iste’mol elektronikasi bozoriga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Asosiy muammolardan biri eskirgan LPDDR4 xotiraning tanqisligi bo‘lib, bu yetkazib beruvchilarning sun’iy intellektga bo‘lgan talabni qondirish uchun ishlab chiqarishni zamonaviyroq chiplarga yo‘naltirishi oqibatida yuzaga kelmoqda va bozorlarni buzmoqda.
Natijada, bozorda narxlar muvozanati buzilmoqda: serverlar va shaxsiy kompyuterlar uchun DDR5 xotirasi gigabit boshiga taxminan $1,50 dan sotilayotgan bo‘lsa, iste’mol elektronikasida qo‘llaniladigan eski DDR4 xotirasi $2,10 ga yetmoqda. Bu narx hatto narxi $1,70 atrofida tebranayotgan ilg‘or HBM3e xotirasidan ham yuqoridir.
Counterpoint 2025-yilning birinchi choragidan 2026-yil oxirigacha bo‘lgan davrda, juda cheklangan senariylarda DDR5 64 GB RDIMM uchun DRAM modullarining narxlari ikki baravarga oshishini bashorat qilmoqda.
Hozirgi taqchillik asosan smartfon bozorining quyi narx segmentida sezilmoqda, bu esa arzon smartfon ishlab chiqaruvchilarga zarba bermoqda.
“Ammo muammo smartfonlar va iste’mol elektronikasining butun ekotizimiga tarqalishi mumkin”, — dedi katta tahlilchi Ivan Lem. “Biz o‘rta va yuqori toifadagi asosiy segmentlarda smartfonlar narxining sezilarli o‘sishi haqida gapirmoqdamiz — ba’zi modellar uchun 15% dan ortiq, bu esa marjani pasaytiradi yoki o‘sishni sekinlashtiradi. Ikkalasi ham bo‘lsa kerak”.
Bularning barchasi tariflar, geosiyosat va bandlikdagi tendensiyalargacha bo‘lgan makroiqtisodiy xavflar bilan izohlanadi — ular qo‘shimcha noaniqlik keltirib chiqarmoqda.
Hozirda soha cheklangan quvvatlar va keskin oshayotgan narxlar uyg‘unligiga duch kelmoqda, bu esa yetkazib beruvchilar va ishlab chiqaruvchilarni og‘riqli murosalarga majbur qilmoqda.

