Avvalroq prezidentning O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan Markaziy bank huzurida ustav fondi $50 mlnlik venchur fond tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, Markaziy bankka QR-kodlar orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona standartlarini joriy qilish topshirildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning dekabr oyida pilot loyihasini banklar va to‘lov tashkilotlari bilan birga sinov tariqasida joriy etish belgilangan.
Kelasi yil boshigacha universal QR-kod bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi berildi. Fevral oyidan esa to‘lov xizmatlari bozorida QR-kod amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yilning aprel oyida Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Hozirda savdo nuqtalarida tadbirkorlar tomonidan ko‘pincha QR-kodli bir nechta taxtachalar o‘rnatilgan bo‘ladi, bu esa xaridorlarga noqulayliklar tug‘diradi, dedi u.
“Biz yagona standart yaratishni maqsad qilganmiz. Unga ko‘ra, tashkilotda QR-kod o‘rnatiladi va mijoz uning yordamida o‘zi xohlagan mobil ilova yoki to‘lov xizmati orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Mirhayotov.
U QR-kodni ishlab chiqish uchun bir yil vaqt kerak bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yildan steyblkoinlarni tartibga soluvchi maxsus rejim joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, rezident yuridik shaxslarga tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat beriladi.
