Avvalroq prezidentning O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga qaratilgagn qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan Markaziy bank huzurida ustav fondi $50 mlnlik venchur fond tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yilning 1-sentabrigacha mamlakatda “ochiq banking” tizimi joriy etiladi. Tizim banklar, to‘lov tashkilotlari va moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini ta’minlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, 2026-yildan to‘lov vositasi sifatida barqaror tokenlar (steyblkoin) aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.

Bunda ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimini yaratish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Markaziy bank bilan birgalikda “Tartibga solish qumdoni” rejimini joriy qilish tartibi va uning amal qilish muddatini belgilaydi.

2026-yil 1-yanvardan O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston hududida birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan fond birjalarida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni joylashtirish hamda ularning muomalada bo‘lishi uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etiladi.

Sentabr oyida ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak prezident hisob-kitoblarda steyblkoinlarni qo‘llash va qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berganini aytgandi.

Undan keyin Markaziy bank raisi Timur Ishmetov steyblkoinlar tartibga solish qumdoni doirasida pilot loyiha sifatida sinovdan o‘tkazilishini ma’lum qildi. Shuningdek, regulyator o‘z raqamli valyutasini chiqarishni ham ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Oson BAAda neobank ochish uchun dastlabki ruxsatni olgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya Dubay bozoriga kirib, Yaqin Sharqda o‘z faoliyatini kengaytirishga hozirlik ko‘rmoqda.