Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston — BAA do‘stligi va strategik sherikligini yana-da mustahkamlash, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda BAA hukumati bilan 40 dan ortiq yo‘nalishlarda 300 dan ziyod tashabbuslar, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi” va “Yosh yetakchilar” kabi muhim dasturlar amalga oshirilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.



Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha qabul qilinayotgan yangi besh yillik dasturni keng ko‘lamda amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Byurokratiyani kamaytirish, sunʼiy intellekt sohasida 5 mln nafar prompt-muhandisni o‘qitishda BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish hamda “Yosh avlod” va “Kitob chellenji” loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik rejalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olindi. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev va vazir Muhammad al-Gargaviy O‘zbekiston — BAA munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.
Bir million prompterlar
O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilishi Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida ma’lum bo‘lgandi. Prezident BAA Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ishlash vaziri Omar Sulton Al-Olama bilan muzokaralar doirasida bu bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.
Muloqotda Umar bin Sulton al-Olama O‘zbekistonda “1 mln dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, dastur IT-sohasida xalqaro kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda mintaqada yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Biz unga erishishda o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddamiz. Sun’iy intellekt muhim yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Prezident amaliy qo‘llaniladigan SIni ko‘rish istagida, uning qiymati sezilarli darajada bo‘lishi kerak”, — dedi BAA sun’iy intellekt vaziri.
10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekistonda milliy “Bulutli texnologiyalar” platformasi hamda sun’iy intellekt modeli yaratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 20 ta data-markaz qurilishi va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirilishi qayd etildi.
30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa BAA bilan hamkorlikdagi dastur ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishi ko‘zda tutilmoqda.
Iyul oyida O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgandi. Loyiha doirasida bu yil 100 ming, 2026-yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi. Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta‘kidlandi.
Spot, avvalroq, senat sunʼiy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi qonunni maʼqullagani haqida yozgandi.



