Prezidentning O‘zbekistonda yuridik taʼlim va ilm-fanni yana-da isloh qilish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujja bilan, yuridik taʼlim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar ham belgilandi. Jumladan, yuridik taʼlim samaradorligi va sifati ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Toshkent davlat yuridik universitetining 2030-yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishi taʼminlanadi.
2026/2027-o‘quv yilidan universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi joriy etiladi. Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50%i auditoriyalarda, qolgan yarmi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi.
2027/2028-o‘quv yilidan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi mavjud boshqa davlat OTMlarda amaliy o‘qitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga ko‘ra, universitetda taʼlim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karyera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida sho‘balar tashkil etiladi. Tadqiqot markazlari fakultetlar yo‘nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat bo‘ladi, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.
Shuningdek, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi. Ular 2 o‘quv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.
Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari hisoblanadi. Sho‘balar professor-o‘qituvchilar tarkibidan iborat bo‘lib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.
Hujjatga ko‘ra, universitet 3- va 4- kurs talabalarini davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan universitetda sunʼiy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda elektron taʼlim platformasida talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi. Yakuniy nazorat ishlarini sunʼiy intellekt tomonidan baholash yo‘lga qo‘yilib, inson omili cheklanadi.
Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro taʼlim yo‘nalishi joriy etiladi. Bunda mazkur yo‘nalishga o‘qishga qabul qilish tanlovlari ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida o‘tkaziladi.
Tanlovda chet tillari bo‘yicha B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi. O‘quv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi.
21-noyabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta‘limni joriy qilinishi taʼkidlangandi.
Spot, avvalroq, intellektual mulk sohasida 10 ga yaqin kompozit va proaktiv xizmatlar joriy etilishi haqida yozgandi.
