27-noyabr kuni “O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2026−2030 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.

Bunda moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplarga $1 mlrd miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilish hamda moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilar sonini kamida 200 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Markaziy bank huzurida MCHJ shaklida ustav jamg‘armasi $50 mln ekvivalentiga teng bo‘lgan startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur fondi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun innovatsion xab yaratiladi. 2026-yildan unda ishtirok etuvchilarga moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha kurslarda o‘qish va sertifikat olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Mablag‘lar xarajatlarning 50%igacha qismi, biroq $20 mingdan oshmagan miqdorda ajratiladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan har yili Markaziy bank tomonidan moliyaviy texnologiyalar sohasida xalqaro forumlar tashkil etiladi.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilish taklifini maʼqullagandi.

Avvalroq ayrim turistik startaplar xarajatlarining 50% iga subsidiya ajratilishi haqida xabar berilgandi.