Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston 2030-yilgacha eksport hajmini $45 mlrd ko‘rsatkichga yetkazish uchun anʼanaviy bozorlar bilan cheklanmasdan yuqori marjali yangi bozorlarga chiqishi zarurligi qayd etildi.

Bu borada tashqi bozorlardagi yetakchi isteʼmol segmentlari va yuqori talabga ega mahsulotlar bo‘yicha tahlil o‘tkazildi.

Natijada qurilish materiallari, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, mashinasozlik va metallarga oid yo‘nalishlarda eksportni oshirish uchun O‘zbekistonda katta zaxira hamda imkoniyat borligi aniqlandi.

Taqdimotda istiqbolli bozor hisoblangan mamlakatlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirib, eksport-import hajmi o‘sishiga mos ravishda chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasi va quvvatini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilar mahsulotlarning tashqi bozorlarda egallagan o‘rni, talab yuqori tovar turlari, xorijiy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari hamda eksportni diversifikatsiya qilish ishlari yuzasidan axborot berdi.

Mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish, yangi bozorlarni ochish va tashqi savdo mexanizmlarini soddalashtirish topshirildi.

Bugungi kunda 81 ta davlat idorasi tomonidan tadbirkorlarga 739 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Lekin 576 turdagi xizmatlar tarqoq holda ko‘rsatilgani uchun tadbirkorlar hujjat yig‘ib, idorama-idora sarson bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 17 ta bosqichdan o‘tish, 10 ta idoraga borish kerak.

Shu bilan birga, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash bo‘yicha konsalting xizmati ko‘rsatadigan yagona xususiy servis maydoni mavjud emasligi aytildi. Bunday xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja, brokerlar va logistika operatorlari, biznes taʼlimi va trening dasturlari bilan integratsiya qilish mumkin.

Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan “Biznes hamroh” markazlarini ochish taklif qilindi.

Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan markazlarda barcha davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida bir joyda, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlarning murojaatlariga tun-u kun javob beradigan Call-markaz tashkil etiladi.

Prezident taklifni maʼqullab, markaz tadbirkorlik subyektini tashkil etishdan tortib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni sotish va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olishi zarurligini taʼkidladi. Mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

Avvalroq O‘zbekistonda Intellektual mulk muhofazasi portali ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi. 1-martdan intellektual mulkka oid sud qarori bo‘lsa, tadbirkorlarning reyting ballari kamayadi, rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisi uchun esa qo‘shimcha ball beriladi.