AQSH 2026-yildan boshlab dollar banknotalarini to‘liq yangilash bo‘yicha eng yirik modernizatsiya dasturini boshlaydi. Bu haqda AQSH Zarbxona va matbaa byurosi (BEP) xabar berdi.
Qayta loyihalash jarayoniga Moliya vazirligi, Moliya siyosati byurosi, Federal zaxira tizimi boshqaruv kengashi, Federal zaxira tizimi va AQSH Maxfiy xizmati vakillaridan iborat Soxtalashtirishga qarshi boshqaruv qo‘mitasi (ACD) rahbarlik qiladi.
Unga ko‘ra, yangi kupyuralar, avvalo, xavfsizlik darajasini oshirish, qalbakilashtirish texnologiyalariga qarshi kurashni kuchaytirish hamda dollarning global zaxira valyuta sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan.
Banknotalarning yangilanishi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- $10 lik banknota — 2026-yilda;
- $50 lik — 2028-yilda;
- $20 lik — 2030-yilda;
- $5 lik — 2032-yilda;
- $100 lik — 2034-yilda muomalaga chiqariladi.
Qayd etilishicha, mazkur ketma-ketlik xavf-xatarlarni kamaytirish va qalbaki pul muomalasiga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan.
Banknotalarning tashqi dizayni haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Har bir kupyuraning yangi ko‘rinishi muomalaga chiqarilishidan olti-sakkiz oy oldin ommaga taqdim etiladi.
2022-yilda O‘zbekiston Markaziy banki nominal qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan yangi banknotlarni muomalaga chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Markaziy bank rahbari (o‘sha vaqtda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov edi — Spot izohi)yangi banknotlarning muomalaga chiqarilishi inflyatsiyaning oshishiga olib kelmasligini eslatdi, chunki regulyator pul massasi miqdorini o‘zgartirmaydi.
Shu yil dekabrida Argentina Markaziy banki milliy terma jamoa sardori Lionel Messi tasviri tushirilgan banknotlarni muomalaga chiqarishi mumkinligi haqida ma’lum qilindi.
“Ayni damda mamlakat rasmiylari 1000 peso (taxminan 5,4 yevro)lik banknotada „PSJ“ futbolchisi tasvirini qo‘yish variantini ko‘rib chiqmoqda, chunki nominal Messining o‘yin raqami „10“ bilan boshlanadi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, kupyuraning orqa tomonida Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni taxallusi bo’lgan “La Scaloneta” yozuvi bo‘lishi mumkin.
