Argentina Markaziy banki milliy terma jamoa sardori Lionel Messi tasviri tushirilgan banknotlarni muomalaga chiqarishi mumkin, deya xabar bermoqda “El Financiero” gazetasi.

“Ayni damda mamlakat rasmiylari 1000 peso (taxminan 5,4 yevro)lik banknotada „PSJ“ futbolchisi tasvirini qo‘yish variantini ko‘rib chiqmoqda, chunki nominal Messining o‘yin raqami „10“ bilan boshlanadi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kupyuraning orqa tomonida Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni taxallusi bo’lgan “La Scaloneta” yozuvi bo‘lishi mumkin.

2017-yil namunasidagi 1000 Argentina pesosining amaldagi banknotida qizil pechka qushi tasvirlangan.

Avvalroq Angliya banki qirol Karl III portreti tushirilgan yangi banknotlarni taqdim etgani haqida xabar berilgandi.

Qirolning portreti barcha to‘rtta polimer banknotlarning (£5, £10, £20 va £50) dizaynlarida paydo bo‘ladi, mavjud dizaynlarga boshqa o‘zgartirishlar kiritilmaydi.

Angliya banki xabariga ko‘ra, mazkur yangi banknotalar 2024-yil o‘rtalarida muomalaga kiritilishi kutilmoqda.


Avvalroq “Spot” joriy yilning 26-dekabrdan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tanga ko‘rinishidagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi haqida yozgandi.