Avvalroq O‘zbekistonda aholining 1 mln so‘mdan ortiq soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimidan foydalanilishi haqida xabar berilgandi.
Prezident qarori bilan, 2026-yilning 1-yanvaridan boshlab Namangan viloyatida jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlikni undirishning yangi mexanizmi joriy etilishi belgilandi.
Ushbu tartib dastlab viloyatda sinov tarzida amalga oshiriladi, Soliq qo‘mitasi uning natijalari asosida kelasi yilning 1-oktabrigacha mamlakatning qolgan hududlarida ham ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritadi.
Hududiy elektr tarmoqlari matbuot xizmati soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha yangi mexanizm HET billing tizimi doirasida joriy etilishini Spot’ga tasdiqladi.
Bu tizim ham chiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovlarni cheklash tartibida ishlaydi. Bunda jismoniy shaxslarning soliq qarzdorligi belgilangan miqdordan oshsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Spot‘ga maʼlum qilishicha, mazkur sinovdan maqsad — qarzdorliklarni keskin kamaytirish va soliq tushumlarining o‘z muddatida to‘lab borilishini taʼminlash.
2025-yil 12-iyul holatiga ko‘ra, Namangan viloyatida mol-mulk va yer solig‘idan qarzdorligi mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslarning soni 369 ming nafarni tashkil etadi. Shundan 43,4 ming nafari (12%) ning qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan.
Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga mahallalarda yer, mol-mulk, suv soliqlarini undirishning yangi mexanizmini ishlab chiqish topshirildi. Prezident bu soliqlar mahalliy budjetda qoldirilayotganiga qaramay, ularni uyma-uy yurib undirishga soliqchilarning 70−80% vaqti ketishini qayd etdi.
Avgust oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev soliq to‘lovchilar masʼuliyatini oshirish uchun yer va mol-mulk soliqlari maʼmurchiligi billing tizimiga integratsiya etilishini ma’lum qildi.
Noyabr oyida Toshkentda chiqindi to‘lovidan qarzdor iste’molchilarga elektr uchun to‘lovlar cheklana boshlandi. Agar abonent ogohlantirish olganidan keyin 5 kun ichida qarzni to‘lamasa, cheklovlar joriy etiladi. Bu tartib dekabrdan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qilishi belgilangan.
Avvalroq 2026-yildan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar 2 mlrd so‘mgacha rag‘batlantirilishi haqida xabar berilgandi. Mahallalar kichik biznes soni, to‘langan soliqlar hajmi, JSHODS to‘lovchilari ulushi va o‘zini o‘zi band qilganlar faolligi kabi mezonlar asosida baholanadi.
