Toshkentda Hududiy elektr tarmoqlari chiqindi tashish bo‘yicha to‘lanmagan qarzi bor abonentlar uchun elektr energiyasiga to‘lovni qabul qilishni cheklay boshladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.

5-noyabr kuni elektr tarmoqlari operatori o‘zining 2100 qisqa raqamidan sanitariya xizmatlari bo‘yicha qarzlar mavjudligi haqida SMS xabarlarini yuborishni boshladi. Birinchi kunda 25 121 kishi umumiy summasi 2,24 mlrd so‘mlik qarz haqida xabarnoma oldi.

Agar abonent 5 kun ichida qarzni to‘lamasa, 10-noyabrdan boshlab elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklovlar kiritiladi.

Poytaxtda chiqindi tashish xizmatlari uchun umumiy debitorlik qarzdorligi hozirda 582 mln so‘mdan oshdi, cheklovlar esa taxminan 6 ming kishiga taʼsir ko‘rsatdi.

Cheklovlar qarz to‘liq to‘langandan so‘ng darhol olib tashlanadi. Dekabrdan boshlab yangi tartib butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qiladi.

Qarzdorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Toza Makon billing tizimidan HET Billing tizimiga ogohlantirishlar yuborish uchun uzatiladi. Cheklovlar faqat shu yilning 1-iyulidan boshlab to‘plangan chiqindi qarzlariga taalluqli bo‘lib, 30-iyungacha bo‘lgan qarzlarga taʼsir qilmaydi.

Sanitar tozalash korxonalari hisob-kitoblarning aniqligi va ishonchliligi uchun javobgar. Chiqindilarni boshqarishga oid shikoyat va takliflar bo‘lsa, abonentlar Chiqindilarni boshqarish agentligining 1205 qisqa raqamiga tunu kun qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish

2024-yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.

Bunda, o‘tgan yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.

Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.

Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.

Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. To‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 24-dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan esa joriy yilning 21-fevralida ma’qullangan. Mart oyiga kelib prezident tomonidan imzolandi.

Spot, avvalroq, 2026-yildan chiqindi to‘lovlari faqat onlayn qabul qilinishi haqida yozgandi.