2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilar uchun yangi imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqda 2-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Jizzaxdagi yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. 2026-yildan yaylovlarda yer egalari yuqori daromadli ekinlar ekib, yerdan maqsadli foydalansa, ularga yer solig‘i 2 karra kamaytirib beriladi.

Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan. Mutasaddilarga butun mamlakatda ularni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna bo‘lishi, buning uchun sifatli va serhosil kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi.

2026-yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.

Bunda mineral o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12%li kredit ajratiladi. Kreditlarning 50% gacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, kartoshka yetishtiruvchilar uchun yana bir muhim yangilik e’lon qilindi. Kelgusi yildan sug‘orish nasoslari elektr xarajatining 50%i qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.

Shuningdek, super elita va elita urug‘larini fermerlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan davrda muzlatkichli omborxonalarda saqlash xarajatining 50%ini qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Avvalroq kartoshka yetishtiruvchilar uchun yangi elektron nazorat tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Endilikda yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtiruvchilar tanlov asosida saralanadi.