O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lovchi Termiz-Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolarni o‘tkazish punktlari qayta ish boshladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Endi yo‘lovchilar ikki davlat orasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va xavfsiz tarzda harakatlanishlari mumkin. Shu bilan birga, viza talabi o‘z kuchida qoladi.
2021-yilda mazkur o‘tkazish punkti orqali fuqarolar harakati cheklangandi, SSP bu tadbirkorlarning Afg‘onistonga borishini sezilarli darajada qiyinlashtirganini qayd etdi. Ayritomdan 75 km masofada joylashgan Mazori Sharifga yetib borish uchun tadbirkorlar Tojikiston orqali bir kunlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lgan.
Bundan tashqari, chegaradan o‘tish tartibining tiklanishi eksport qiluvchi korxonalar uchun katta qulaylik yaratishi kutilmoqda. Bu orqali Afg‘onistonga eksport hajmi 2026-yilda $2,5 mlrdga yetishi mumkin.
O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga chiqishda tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar taqdim etadi. Xususan, Hayraton yoki Mazori Sharifda ombor ochganlar uchun saqlash xarajatlari, mahsulotlarni mamlakatning 34 viloyatida reklama qilish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston 2026-yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettirishi haqida yozgandi. O‘zenergosotish Afg‘onistonning DABS kompaniyasi bilan kelasi yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnomani imzoladi.
