Shavkat Mirziyoyev Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yerda BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilgan. Maktabda transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan.
Xususan, ikkinchi kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan o‘quv platformalarida ikki yillik dual taʼlim oladi. Talabalar zavod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘tab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkonini beradi.
Qisqa muddatli tayyorlov kurslarida avtomobil zavodiga ishga kiruvchi nomzodlar, zavod ishchilari va ishsiz yoshlarga o‘zlari qiziqqan kasblar o‘rgatiladi. Bu yerda BYD avtomobil ishlab chiqarish mini konveyeri ham tashkil etilgan. Ishlab chiqarish sexida payvandlash, bo‘yash, yig‘uv va sifat nazorati bo‘limlari mavjud.
Elektromobil va zaryadlash stansiyasining tuzilishi, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarx va revers muhandisligi yo‘nalishlariga ixtisoslashgan maxsus xonalar tashkil qilingan.



Dunyo avtomobil sanoatida bitta qoida mavjud: raqibni tahlil qilmagan kompaniya rivojlana olmaydi. Jizzaxdagi ushbu muhandislik maktabida birinchi marta mahsulotni texnik-analitik solishtirish, xarajatlarni modellashtirish (cost modeling), ishlab chiqarishni optimallashtirish, jarayonlarni global standartlar bilan taqqoslash kabi ko‘nikmalar ham o‘rgatilmoqda.
Muhandislik maktabi faqat talabalar uchun emas, balki sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq. Bu yerda malaka oshirish dasturlari, boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslari va tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv modullari tashkil etilgan. Ularda ilg‘or mutaxassislar va ishlab chiqarish korxonalarining tajribali muhandislari faol ishtirok etadi.
Maktabning asosiy maqsadi — talabani tayyor kadr sifatida ish joyiga borishidan oldin amaliyot muhitiga olib kirishdan iborat. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga to‘liq javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassisga aylanadi.
Davlat rahbari maktabdagi mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, mini konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdi. Prezident shu yerda respublika va viloyat faollari bilan ham muloqot qildi.


Keyingi yillarda Jizzaxda sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda yaxshi natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Lekin ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi aytildi.
Avgust oyida prezidentning Jizzaxga tashrifi davomida BYD zavodi to‘liq quvvatga o‘tishi uchun 4 ming nafar malakali mutaxassis talab qilinishi aytilgandi. Zavodda kadr yetishmayotgani uchun xorijdan 80 nafar mutaxassis kelib ishlamoqda. Zavod 4−5 yilda to‘liq quvvatga o‘tib, yiliga 500 ming avtomobil chiqarishni boshlasa, oliy malakali kadrlar kerak bo‘ladi.
BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Shavkatbek Alimov O‘zbekistonda elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilayotgani haqida taʼkidlagandi.
Spot, avvalroq, Jizzaxda qiymati 290 mlrd so‘mlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kmlik avtomobil yo‘li ochilgani haqida yozgandi.





