Avvalroq 2-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda viloyatning boshqa tumanlarida ham savdo va servisni rivojlantirish uchun imkoniyatlar ko‘pligi qayd etildi. Masalan, Baxmalga olib boradigan yo‘l ta’mirtalab bo‘lgani uchun Zominga kelayotgan sayyohlar shu yerning o‘zidan qaytib ketyapti.
Bu tumanlardagi tog‘ hududlari yagona turizm halqasiga birlashtirilsa, Zominga kelayotgan sayyohlarning kamida yarmini Baxmalga jalb qilish mumkinligi ta’kidlandi. Yuzlab servis obyekti ishga tushadi, minglab odam ishli bo‘ladi, turizm eksporti karrasiga oshadi.
Mutasaddilarga 2026-yilda Zomin-Baxmal-G‘allaorol yo‘lining 158 kilometr qismini ta’mirlashni boshlash topshirildi.
Baxmal tumanida 39 gektar maydonda $40 mln investitsiya hisobiga turizm klasterini tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi. Bu tumanga “turizm tumani” maqomi beriladi.
Aydar-Arnasoy ko‘li atrofida yirik sohil turizm majmuasi va sog‘lomlashtirish markazi qurilgani Arnasoy tumani aholisining daromadi ko‘payishiga katta turtki bergani aytildi.
Endilikda Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l ham olib kelinadi. O‘zbekiston temir yo‘llariga Do‘stlik tumanidan ko‘l hududigacha 45 kilometrli yangi temir yo‘l liniyasini qurishni boshlash topshirildi.
Shuningdek, 7 mlrd so‘m hisobiga tumandagi Baxtli mahallasining infratuzilmasi yaxshilanib, turizm qishlog‘iga aylantiriladi. Hududga olib boruvchi yo‘l ta’mirlanadi, tungi yoritish chiroqlari va turizm yo‘l belgilari o‘rnatiladi, manzarali daraxtlar ekiladi.
Uzoq yillardan buyon qarovsiz yotgan Jizzax shahri markazidagi “Istiqlol” bog‘i, unga tutash Sangzor daryosi bo‘yidagi yerlar yil boshida 24 mlrd so‘mga yaxshilandi. Kelasi yil bu daryoni tozalash, suv bilan to‘ldirish, piyodalar o‘tish ko‘prigi va amfiteatr qurish uchun yana 20 mlrd so‘m beriladi.
M-39 va A-376 xalqaro yo‘llarning 150 kilometri Jizzaxdan o‘tgani yo‘l bo‘yi servisini rivojlantirish uchun katta imkoniyat ekani ko‘rsatib o‘tildi. Magistral yo‘l bo‘yida alohida yo‘lakdan kiriladigan, Yevropa standarti bo‘yicha 2 tadan savdo-servis majmuasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, M-39 magistral yo‘lining Jizzax hududidan o‘tgan 98 kilometr qismida yo‘lovchi va haydovchilarning xavfsiz harakatlanishi uchun sharoitlarni yaxshilash topshirildi.
Avvalroq Spot bog‘dorchilik xo‘jaliklariga intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 14% li imtiyozli kredit berilishi haqida yozgandi.
