Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari viloyatda sanoat va investitsiya sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jizzaxning mamlakat avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25% ga yetdi. Navbatdagi vazifa zavodlar atrofida yondosh tarmoqlarni rivojlantirib, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni kamaytirish ekani aytildi.

Jizzax shahridagi Texnopark hududida bo‘sh turgan 10 ming kvadrat metr binoni sohadagi tadbirkorlarga qulay shartlarda taklif qilish, Sharof Rashidov tumanidagi sanoat zonasining 118 gektar bo‘sh hududida ham tayyor bino qurib, loyihalarni joylashtirish muhimligi qayd etildi.

Kelgusi yildan butlovchi qismlarni validatsiya qilish xarajatlarining 50% ini Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyatning metall konlari katta istiqbolga ega. Masalan, yiliga 1 ming tonna volfram qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda. G‘allaorol va Nuroboddagi loyihalar ishga tushsa, O‘zbekiston volfram ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylanishi ta‘kidlandi.

Mutasaddilarga G‘allaoroldagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish, Forishdagi qo‘rg‘oshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini yakunlash, Arnasoydagi uran zaxirasi aniqlangan konning texnik-iqtisodiy asosini yakunlash topshirildi.

Jizzaxda sement, gazobeton, bazalt, pardozbop toshlar, oyna, kaolin pigmenti kabi 100 ga yaqin turdagi qurilish materiallari chiqarilmoqda. Agar chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib, sifat, brend va sertifikat bo‘yicha ko‘proq ishlansa, qo‘shilgan qiymatni 20−30% ga oshirish mumkinligi ta‘kidlandi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi $510 mlnlik 30 ta loyiha hisobiga 10 mingga yaqin odamning bandligi ta‘minlandi. Bu yerda yana $540 mlnlik loyihalar jadal ketmoqda. Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan ta‘minlash va suv tozalash inshooti qurib berishni so‘ramoqda.

Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi. 2026-yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” EIZda suv tozalash inshooti qurish uchun 100 mlrd so‘m nazarda tutish vazifasi qo‘yildi.

Ilgari viloyatning elektr ta‘minoti to‘liq Shirin GES hisobidan bo‘lgan. O‘tgan yili “Masdar” kompaniyasi G‘allaorolda 220 megavattli quyosh stansiyasini ishga tushirdi.

Prezident bu ishlarni jadal davom ettirib, xitoylik hamkorlar bilan joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratilishini ta‘kidladi. Bunga qo‘shimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.


Spot, avvalroq, Jizzaxda fermer va dehqonlarga xizmat ko‘rsatuvchi agromarkaz ochilgani haqida yozgandi.