Andijon viloyatining Shahrixon tumanida atmosfera havosi ifloslanishiga qarshi o‘tkazilgan reydlarda somsa pishiradigan tandirlar buzib tashlandi.

Xabarda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov topshirig‘iga ko‘ra ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida kechayu kunduz reydlar o‘tkazilayotgani aytilgandi.

Eʼlon qilingan videotasvirlarda ekskavatorlar kamida uchta muassasa — “Uch ariq o‘shxona”, “Mehmon oshxonasi” va “Bek oshxonasi"dagi tandirlar buzilgani ko‘rsatilgan.

Ushbu holat tarmoqlarda muhokama bo‘lgach, tuman hokimligi Telegram-kanalidan xabar, video va fotolar o‘chirib tashlandi.

Andijon viloyati hokimligi keyinroq Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonovga “masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani” uchun hayfsan berilganini maʼlum qildi. Qo‘shimcha qilinishicha, bunday holatlarni takrorlamaslik borasida tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, Shahrixon hokimligining maʼlum qilishicha, reydlar davomida bozordagi oshxonalarda sanitariya-gigiyena meʼyorlariga rioya etilishi, gaz ballonlaridan to‘g‘ri foydalanish holati baholanmoqda.

Noyabr oyi oxirida prezident Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

24−25-noyabr kunlari tezkor guruhlar Toshkent shahri va poytaxtga yaqin joylashgan uchta tumandagi issiqxonalar hamda boshqa korxonalarda tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 34,8 mln so‘mlik jarimalar qo‘llanildi, shuningdek, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli 18 ta obyekt vaqtincha yopildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatida chiqindilarni yoqib yuborgan qurilish materiallari zavodlari yopildi. Yangiyo‘l atrofidagi korxonalar yoqilg‘i o‘rniga polietilen va chiqindilardan foydalangan, natijada atmosfera ifloslangan.


Avvalroq prezident butun mamlakatda havo ifloslanishiga qarshi choralarni kuchaytirishni topshirgandi.