Toshkent shahrida avtobusda yo‘l haqini to‘lamagan 20 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortildi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya hamda Toshkent shahar yo‘lovchi tashish faoliyatini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari tomonidan kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. U poytaxt jamoat transportida yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlashga qaratilgan.
Joriy yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirildi hamda BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.
Qayd etilishicha, qoidabuzarliklar “jamoat transportida tizimli nazorat va intizomni kuchaytirish zarurati"ni yuzaga chiqarmoqda.
Oktabr oyidan boshlab Toshkent shahar yo‘lovchi tashish faoliyatini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari qoidabuzarlarga nisbatan mustaqil ravishda jarima bayonnomalarini tuzishni boshladi. Bu qonunbuzarliklarga tezkor munosabat bildirish va qonunchilikka rioya etilishini ta’minlagani ta’kidlandi.
2025-yildan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Hozirda to‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda. Mart oyida poytaxtda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlandi. Mart-sentabr oylarida 6182 nafar qoidabuzarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Avvalroq Spot avtomobillarga ekologik toifasi asosida ekostikerlar berilishi haqida yozgandi. Avtotransport vositalari Yevro standarti va yoqilg‘i turiga ko‘ra toza, o‘rta yoki zararli toifalarga ajratilib, ularga yashil, sariq yoki qizil stikerlar beriladi.
