O‘zbekistonda bi oyda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari natijasida tizimga 132,7 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning noyabr oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 289 ta holat aniqlandi.

Jumladan, 26,1 mln kVt soat elektr energiyasi (50,4 mlrd so‘m) va 27,2 mln metr kub tabiiy gaz (82,3 mlrd so‘m) talon-toroj qilingani maʼlum bo‘ldi.

Natijada dastlabgi hisob-kitoblarga ko‘ra jami 132 mlrd 752 mln so‘m zarar qayta hisob-kitob qilindi.

Shuningdek, iste‘molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 518 ta ma‘muriy ish rasmiylashtirildi.

Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Oktabr oyida 99 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingandi.


Spot, avvalroq, Milliy elektr tarmoqlari raisi Dadajon Isaqulov O‘zenergoinspeksiyaga rahbar bo‘lgani haqida yozgandi.