Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxtda avtobuslar parki ikki barobarga kengaytirilib, umumiy soni 1900 taga yaqinlashdi, qatnov intervali 30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqardi. Natijada avtobuslardan foydalanuvchilarning soni kunlik 1,4 mln nafarga yetdi.
Yerosti va yerusti metropoliten liniyalarining umumiy uzunligi 70,5 kilometrga yetkazilib, bekatlar soni 29 tadan 50 tagacha oshdi. Metro bir kunda 900 ming nafar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Shahar ko‘chalarida harakatni tashkil etish bo‘yicha texnik ishlar hajmi kengayib, 2870 ta belgi almashtirildi, 2770 ta yangi belgi va 55 ta svetofor o‘rnatildi.
Aholi va transport vositalari sonining o‘sishi, shahardagi iqtisodiy jarayonlar natijasida yo‘l infratuzilmasiga yuklama keskin ortayotgani qayd etildi. Poytaxtning asosiy transport yo‘laklariga bosim 2 barobar ko‘paygani, keyingi yillardagi 7−8 balli tirbandliklar odatiy holga aylangani ko‘rsatib o‘tildi.
Jamoat transportidan foydalanish ulushi shaxsiy avtomobillarnikidan kamligicha qolmoqda. Bularning barchasi ekologik holatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda.
Xorij amaliyotida yo‘l harakatini boshqarishning eng samarali usuli sifatida intellektual transport tizimi (ITS) keng qo‘llanilishi ta’kidlandi. Bunda shaharlarda harakatni o‘z vaqtida nazorat qilish, tahlilini olib borish va rejalashtirish markazlashgan holda amalga oshiriladi.
Taqdimotda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif qilindi. U transport va piyodalar oqimlarini tahlil qilish va modellashtirish, ITSni joriy etish hamda boshqarish bilan shug‘ullanadi.


Shu bilan birga, markaz vazifasi transport master-rejasi va karkasini, shu jumladan, yuk tashishlar hamda shahar parking maydonlarini tashkil qilish, elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish hamda individual harakatlanish vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirishdir.
Bundan tashqari, markaz intellektual transport tizimining operatori hisoblanadi. Platforma kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni, xususan, sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qiladi.
Shu bilan birga, yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:
- tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish;
- marshrutlarni optimallashtirish;
- svetofor fazalarini adaptiv tarzda o‘zgartirish;
- yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish va boshqa.
Tizimning joriy qilinishi natijasida yo‘llarda transport harakatining o‘rtacha vaqti va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib kelish vaqti qisqarishi, asosiy yo‘llardagi tirbandliklar hamda YTHlar kamayishi kutilmoqda.
Prezident takliflarni ma’qullab, pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirib, kelgusi yillarda uni kengaytirish, 2030-yilga qadar uni hududlar bilan integratsiya qilishni topshirdi.
Avvalroq sun’iy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash tizimini yaratish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.


