Raqobat qo‘mitasi 5 ta chiqindi tashish korxonasi isteʼmolchilardan 8,8 mlrd so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi viloyatda aholiga maishiy chiqindi tashish xizmati ko‘rsatilishi holatini o‘rgandi. Unda bir qator qonunbuzilishlar aniqlandi. Jumladan, ayrim xonadonlardan chiqindilar umuman olib ketilmagan bo‘lsa ham, ularga to‘lovlar hisoblangan.

Ushbu holatlar yuzasidan Rahnamo Servis, Zero-Waste, Zangiota Obodon, Angren Bunyod Fayz, Ohangaron Sanitariya Tozalash korxonalariga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Natijada 250 mingga yaqin isteʼmolchiga 8,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.

Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Noyabr oyidan boshlab Toshkentda Hududiy elektr tarmoqlari chiqindi tashish bo‘yicha to‘lanmagan qarzi bor abonentlar uchun elektr energiyasiga to‘lovni qabul qilishni cheklay boshlagandi. Yangi tartib dekabrdan butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qilishi belgilangandi.

Qarzdorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Toza Makon billing tizimidan HET Billing tizimiga ogohlantirishlar yuborish uchun uzatiladi. Agar abonent ogohlantirish olganidan keyin 5 kun ichida qarzni to‘lamasa, cheklovlar joriy etiladi.


Spot, avvalroq, Namanganda yer va mol-mulk solig‘idan qarzdor fuqarolarga elektr uchun to‘lovlar cheklanishi haqida yozgandi.