O‘zbekistondagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini savdosiga qarshi reydlar boshlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Aholini sifatli va ekologik toza yonilg‘i bilan ta’minlagan holda AYOQSHlarda sotuvga chiqarilishi to‘xtatilgan AI-80 markali avtobenzini bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 26-noyabridan 2-dekabr kuniga qadar o‘tkazilgan reydlarda 90 ta AYOQSHdan 191 ta namuna olindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 23 ta holatda 306 430 litr neft mahsulotlari davlat standart talablariga javob bermasligi — sifatsizligi aniqlandi.

Inspeksiyaning qayd etishicha, 2025-yilning shu vaqtiga qadar neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida 632 ta obyekt o‘rganilgan. Natijada 210 ta obyektda 8 576 466 litr sifatsiz mahsulot aniqlanib, ularning sotuvga chiqarilishi oldi olindi.

Joriy nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar bo‘yicha neft mahsuloti sifatini tiklash bo‘yicha “zapravka"larga ko‘rsatmalar berilib, uning bajarilishi nazoratga olindi. Nazorat tadbirlari davom etmoqda.

O‘zenergoinspeksiya texnik reglament talablariga javob bermaydigan va havoga me’yoridan ortiq zaharli moddalar chiqishiga olib keladigan yonilg‘i-moylash materiallarini sotish javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatdi.

AI-80 benzinidan voz kechish

Joriy yilning fevral oyida davlat rahbari 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergandi.

2-sentabrdan boshlab O‘zbekneftgaz birja savdolarida AI-80 benzinini sotishni to‘xtatdi. O‘z navbatida, AI-92 avtobenzini hajmlari oshirildi. Iyul oyi oxirlarida davlat kompaniyasi bosqichma-bosqich yuqori oktanli (Ai-92) avtobenzin ishlab chiqarishga o‘tish rejalarini ma’lum qilgandi.

Prezidentning tegishli qarori bilan joriy yilning 1-dekabridan boshlab AYOQSHlarda AI-80 benzini savdosi taqiqlandi.

O‘zenergoinspeksiya hamda Ekologiya qo‘mitasiga mazkur markazdagi benzinni sotishning oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Bunda ishlarni aholini sifatli va ekologik toza yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda amalga oshirish nazarda tutilgan.

Avvalroq Hududgazta’minot’ga suyultirilgan gaz ta’minotidagi talon-toroj holatlarini bartaraf etish topshirilgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuraturaga sifatsiz ta’mirlangan 1800 km elektr tarmoqlarini o‘rganish va choralar ko‘rish vazifasi berildi.