Amerikalik bloger MrBeast (asl ismi Jimmi Donaldson; YouTube’da 450 mln va TikTok’da 120 mlndan ortiq obunachiga ega) o‘zining shaxsiy brendini ko‘p tarmoqli konglomeratga aylantirmoqchi. Bu haqda Business Insider xabar bermoqda.

Feastables shokolad batonchalari va Lunchly tayyor tushlik xizmati kabi oziq-ovqat mahsulotlarining muvaffaqiyatli ishga tushirilishidan so‘ng, uning Beast Industries kompaniyasi Beast Mobile brendi ostida telekommunikatsiya bozoriga kirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Loyiha Beast Industries kompaniyasi bosh direktori Jeffri Xauzenbold tomonidan rasman tasdiqlandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ulkan sarmoyalarni talab qiladigan jismoniy tarmoq infratuzilmasini yaratish o‘rniga, kompaniya mobil virtual tarmoq operatori (MVNO) modelini tanlaydi. Biznes modeli T-Mobile yoki Verizon kabi yirik milliy aloqa operatoridan tarmoq resurslarini ijaraga olishni o‘z ichiga oladi.

Bu resurslarni asosiy kompetensiyalarga — shiddatli marketing, kuchli iste’mol brendi yaratish va mijozlar tajribasini boshqarishga yo‘naltirishga imkon beradi. Bu esa MrBeast’ning muvaffaqiyat formulasiga to‘la-to‘kis mos keladi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab obunachilarga ega MrBeast auditoriyasining misli ko‘rilmagan qamrovi va sodiqligi loyihaning asosiy boyligi bo‘ladi.

Joriy yil yanvarida MrBeast “TikTok"ni sotib olmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.

Bloger TikTok’ni AQShda bloklashdan saqlab qolish uchun sotib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.