Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Sessiyada viloyat va tuman hokimlari Sirdaryo sanoat zonasiga qo‘shib berilgan 1 ming gektarda kamida $4 mlrdlik loyihalarni boshlashi muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Buning uchun loyihalarning samaradorligini hisob-kitob qilib, investorlarga taqdimot qilish uchun Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, Yangiyer, Guliston, Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.

Bunda qurilish materiallari bo‘yicha Xitoyning Szyansu, Shandun va Guandun provinsiyalari, kimyo sanoatida Tyanszin shahri, elektrotexnikada Fuszyan, Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Shinjon, farmatsevtikada Shanxay, Szyansi hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Xitoyning Sindao shahrida “Xitoy — Shanxay hamkorlik tashkiloti” maxsus iqtisodiy pilot zonasidagi imtiyozlar, ularni qo‘llash mexanizmlari, amalga oshirilayotgan loyihalarni puxta o‘rganib, Guliston shahrida kamida 5 ming ish o‘rinli “O‘zbekiston — Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasini tashkil qilish topshirildi.

Bu yerdagi obyektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taqdim etiladi.

Gonkong maxsus administrativ rayoni ham juda katta investitsiyaviy va moliyaviy imkoniyatlarga ega ekani taʼkidlanib, mutasaddilarga Gonkongdagi yirik kompaniyalarni Sirdaryoga taklif qilish hamda investitsiya forumini o‘tkazish, Sirdaryo viloyati va Gonkong o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.


Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Turkmaniston Shovot-Toshhovuz chegaraoldi savdo zonasi hududini kengaytirishi mumkinligi haqida yozgandi.