Prezident xotin-qizlarning kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaytirilishi bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati kengaytiriladi. 2026−2027-yillarda Hamroh xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tomonidan 6 ming nafar xotin-qizlar loyihalariga 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Yana 2,8 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitiladi, 2 ming nafarining tadbirkorlik faoliyatiga esa hamrohlik qilish asosida ko‘maklashilinadi.
Tuman hokimliklari tashkil etgan markazlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Oila va xotin-qizlar boshqarmalari tasarrufiga beriladi. Ular tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping va xotin-qizlarni kasbga o‘qitish kabi faoliyatlar uchun ijara asosida foydalanishga topshiriladi.
2026-yildan Hamroh dasturi bo‘yicha xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llash bo‘yicha qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi. Banklar tarkibida ayollar ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan, rahbari ayol bo‘lgan kichik va o‘rta biznes loyihalariga kredit ajratadi.
Bunda kredit miqdori BHMning 25 ming baravarigacha (10,3 mlrd so‘m) bo‘lib, stavka Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punktgacha yuqori bo‘lishi va loyiha kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutishi kerak.
Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi banklar kreditlarining 70% igacha bo‘lgan qismiga kafolat taqdim etadi.
Dastur doirasida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ushbu mablag‘larni yo‘naltirish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga kredit ajratadi. U Markaziy bankning asosiy stavkasida (14%), 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga beriladi.
Kompaniya kreditlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni banklarga joylashtiradi. Mablag‘lar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punktgacha yuqori stavkada, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha beriladi.
1-dekabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasi huzurida barcha xizmatlarni birlashtirgan Biznes hamroh markazlari ochilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, bog‘dorchilik xo‘jaliklariga intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 14% li imtiyozli kredit berilishi haqida yozgandi.
