Rossiyaning Natsproektstroy kompaniyasi Toshkent-Samarqand yuqori tezlikdagi temir yo‘l magistralini qurish loyihasiga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda kompaniyalar guruhi bosh direktori Aleksey Krapivin O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

3-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda Nijniy Novgorod va Omsk viloyatlari, Boshqirdiston va Krasnoyarsk o‘lkasi rahbarlari, hamda Farg‘ona, Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimlari ham ishtirok etdi.

Tomonlar oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlarni “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Savdo hajmining barqaror o‘sishi, sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa sohalardagi loyihalarning amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Muzokaralarda tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, sanoat zonalari doirasida kooperatsiya loyihalarini tezlashtirish, hududlar va biznes darajasida faol aloqalarni davom ettirish yo‘nalishidagi muvofiqlashtirilgan choralarni qabul qilishning ahamiyati taʼkidlandi.

Uchrashuv doirasida yetakchi Rossiya kompaniyalari rahbarlari prezidentga IT, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdim etdi.

prezident, rossiya, samarqand, shavkat mirziyoyev, temir yo'l, toshkent, toshkent-samarqand

Natsproektstroy kompaniyalar guruhi bosh direktori Aleksey Krapivin Rossiya korporatsiyasi temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish va Toshkent metropolitenini avtomatlashtirish loyihalarida ishtirok etayotganini maʼlum qildi.

Top-menejer prezidentga joriy yil avgust oyida Chirchiq texnoparki hududida ishga tushirilgan poyezdlar harakatini boshqarish tizimlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha rejalar taqdim etilgani haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Natsproektstroy O‘zbekiston temir yo‘llari tarmog‘ini yana-da modernizatsiya qilishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

“Toshkent-Samarqand konsession [temir] yo‘lida ishtirok etish imkoniyatini faol o‘rganmoqchimiz. Prezident tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatladi”, — dedi Aleksey Krapivin.

Bundan tashqari, Natsproektstroy rahbari korporatsiya tomonidan Rossiyaning birinchi yuqori tezlikdagi Moskva-Sankt-Peterburg magistralini qurishda qo‘llanilgan tajriba va vakolatlarni taqdim etdi. “Xolding tomonidan ishlab chiqilgan noyob texnologiya va usullar O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi magistral loyihalarini amalga oshirishda qo‘llanilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li

24-oktabr kuni Janubiy Koreyaning Saman Engineering kompaniyasi Transport vazirligi, O‘zbekiston temir yo‘llari va boshqa idoralar takliflari asosida Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lining 3 ta variantini taqdim etdi.

Birinchi variantda temir yo‘l uzunligi 282 km, harakat vaqti 1 soat 26 daqiqa, o‘rtacha tezlik 185,7 km/soatni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 8,9 km bo‘lgan 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi variantda magistralning uzunligi 291,7 km. Bunda o‘rtacha tezlik 179,4 km/soatgacha pasayadi, yo‘lga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 33 daqiqagacha ortadi. Loyiha doirasida 82 ta ko‘prik va 16 km uzunlikdagi 1 ta tunnel quriladi.

Uchinchi variantda yuqori tezlikdagi temir yo‘lning uzunligi 302 km.dan ortiq. O‘rtacha tezlik 166,9 km/soat bo‘lganda Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan masofa 1 soat 45 daqiqa davom etadi. Yo‘nalish umumiy uzunligi 9,6 km bo‘lgan 105 ta ko‘prik va 2 ta tunnelni o‘z ichiga oladi.

prezident, rossiya, samarqand, shavkat mirziyoyev, temir yo'l, toshkent, toshkent-samarqand

Spot, avvalroq, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha 45 kmli yangi temir yo‘l qurilishi haqida yozgandi.