Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda viloyatdagi o‘rta va yirik korxonalarning aksariyati Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod, Mirzaobod tumanlari va Guliston shahriga to‘g‘ri kelishi aytildi. Mazkur korxonalarni elektr bilan ta‘minlaydigan “Feruz” podstansiyasining quvvati 2 karra oshirilsa, tadbirkorlar yana $200 mlnlik yangi loyihalarni qilish tashabbusini bildirgan.
Mutasaddilarga ushbu podstansiyada 2 ta 250 megavattli transformator o‘rnatib, quvvatini oshirish topshirildi. Umuman, sanoatdagi imkoniyatlardan foydalanib, viloyatda 25 ming yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, ishlab chiqarishda kamida 7% o‘sishga erishib, 30 trln so‘mga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik va servis infratuzilmasini rivojlantirish muhokama qilindi. 2026-yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trln so‘m, tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trln so‘m resurs berish rejalashtirilgan. Shuning 753 mlrd so‘mi mahallalar sharoitini yaxshilash uchun ilk bor Sirdaryo viloyati va tuman budjetlariga ajratilmoqda.
Endilikda bu mablag‘ni har bir tuman va mahallada tadbirkorlikni rivojlantiradigan infratuzilma loyihalariga yo‘naltirib, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu ishlarning tashkil qilinishi Sirdaryo tumanidagi Tinchlik, Elobod, Do‘stlik, Ulug‘bek, Kamolot mahallalari misolida tushuntirildi.
Xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarning 241 kilometri Sirdaryoning 7 ta tumanidan o‘tgani servis va logistikani rivojlantirish uchun katta imkoniyat. Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston va Boyovutni Bekobod bilan bog‘laydigan 74 kilometrni rekonstruksiya qilishni boshlash topshirildi. Bu yuzlab savdo-servis obyektlari, kafe-restoran, dam olish joylarini ishga tushirishga imkon beradi.
Guliston shahridan o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi 67 gektarda yirik savdo-ko‘ngilochar majmua barpo etilishi e‘lon qilindi. Guliston tumanining Sohilobod va Ahillik, Sirdaryo tumanining Kamolot mahallalari hududida ham jami 360 gektarda yirik daryo bo‘yi ekoturizm komplekslari tashkil qilinadi.
Aholi bandligini ta‘minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida 11 ta tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlarini Pekindagi Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markazda amaliyot o‘tashini tashkil qilish topshirildi. Shuningdek, sirdaryolik 50 nafar yoshni Pekinga jo‘natib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kurslarda o‘qitish zarurligi qayd etildi.
Guliston universiteti qoshida Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” dasturi doirasida kasb-hunarga o‘qitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yo‘nalishida oliygoh tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.
Spot, avvalroq, Toshkentdan Sirdaryoga ko‘chayotgan korxonalar uchun ayrim yerlar chegirma bilan berilishi haqida yozgandi.
