Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sakkiz yilda viloyatga $4 mlrd investitsiya kiritildi. Bu davrda 187 ta yirik quvvatlar ishga tushdi, 120 ming ish o‘rni yaratildi. 50 ga yaqin yangi mahsulot chiqarish yo‘lga qo‘yilib, sanoat 4 trlndan 25 trln so‘mga yetdi.
Xizmatlar hajmi 1,5 trlndan 12 trln so‘mga oshdi. Oldin dotatsiyali bo‘lgan Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlari xarajatini o‘zi qoplashga o‘tdi.
Sirdaryo tumanida 2026-yilda xitoylik hamkorlar bilan avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha $122 mlnlik loyiha ishga tushadi.
Yaqinda Qozog‘iston bilan Sirdaryo tumanidagi Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berildi. Markaz hududida $300 mlnlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yil 1-chorak yakunida ish boshlaydi, 2026-yilda yana $720 mlnlik 40 ta yangi loyihalar joylashtiriladi.
Bundan tashqari, shu yilning o‘zida Sirdaryo aholisining turmushini yaxshilash uchun $100 mln ajratilgani ta’kidlandi. Natijada 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani to‘liq ta’mirdan chiqarilib jihozlandi.
Shuningdek, 87 kilometr tarmoq tortilgani uchun Guliston shahridagi 22 ming xonadonga ichimlik suv uzluksiz boryapti. Yil yakunigacha yana 9 kilometr yangi tarmoq o‘tkazilib, Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon doimiy ichimlik suv bilan ta’minlanadi.
Bu ishlar davom ettirilib, viloyatdagi elektr, yo‘l, suv, kanalizatsiya va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun kelasi yil yana $100 mln ajratilishi belgilandi.
O‘tgan yili Sayxunobodda tomorqani ishga solish, kichik sanoat va servis orqali odamlarning daromadini oshirish bo‘yicha yangicha ishlash tizimi boshlangandi. Tumandagi 13 ming xonadonda tomorqadan samarali foydalanish hisobiga oylik daromad bir necha barobarga ko‘paydi.
Mahallalardagi 1,8 ming xonadonda 5−6 sotixli, yana 622 tasida 2−3 sotixli issiqxonalar qurildi. Bir yarim yilda 700 ta yangi tadbirkor ish boshladi, 15 ming ishsiz doimiy daromadga ega bo‘ldi, 1,5 ming oila kambag‘allikdan chiqdi.
Avvalroq Jizzax politexnika instituti qoshida Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
