O‘zbekneftgaz sho‘ba kompaniyasi — UNG Overseas va AQSHning Cargill korporatsiyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu haqda O‘zbekneftgaz matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat O‘zbekiston energetik xavfsizligini mustahkamlash, resurs barqarorligini oshirish va mamlakat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tomonlar $3 mlrdgacha uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb etishga kelishib oldi. Moliyalashtirish hajmi bosqichma-bosqich $5 mlrdgacha kengaytiriladi.
Kelishuv mamlakatning o‘sib borayotgan energiya iste’moli, iqlimiy o‘zgarishlar va sanoat modernizatsiyasi sharoitida energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya kabi asosiy tizimlarning ishonchliligi, samaradorligi va barqarorligini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyihalar aholi va sanoat uchun energetika ta’minoti, tizimli xatarlarni kamaytirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishni qamrab oladi.
Shuningdek, uning doirasida energetik va suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish, ekologik muvozanat, sanoat raqobatbardoshligi va energiya mustaqilligini ta’minlash borasida moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekneftgazning xalqaro savdo-investitsiya bo‘yicha UNG Overseas sho‘ba kompaniyasi xorijiy sheriklar bilan strategik ishlarni muvofiqlashtiradi, Cargill esa tizimlashtirilgan moliyalash bo‘yicha global ekspertiza asosida amaliy yechimlar taqdim etadi.
Joriy yilning oktabr oyida O‘zbekneftgaz kompaniyasi UNG Overseas brendi ostida BAAda Orient Energy Limited sho‘ba korxonasi tashkil etilganini ma’lum qildi.
Uning asosiy vazifalari qatoriga energetika, sanoatning turdosh tarmoqlari va infratuzilma bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va investorlarning mablag‘larini jalb qilish kiradi.
Shuningdek, UNG Overseas O‘zbekiston mahsulotlarini jahon bozorlarida ilgari surish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, u uglevodorodlarni yetkazib berishning yangi zanjirlarini rivojlantiradi va “uzoq muddatli energiya xavfsizligini ta’minlaydi”.
Prezidentning sentabr oyidagi AQSHga tashrifi doirasida O‘zbekgidroenergo va Cargill Financial Services International moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolangandi.
Avvalroq O‘zsanoateksport va Cargill kompaniyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida xabar berilgandi.
