Xitoy kompaniyasi Namanganda yirik turar-joy majmuasi loyihasi qurilishini boshladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

4-dekabr kuni viloyatning Davlatobod tumani, Yangi Namangan shaharchasida China Town kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan China Town Namangan majmuasining qurilishiga start berildi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, Xitoy Konsultativ kengashining Jiangsu provinsiyasi a’zosi, Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd kompaniyasi prezidenti Yan Bo ishtirok etdi. Marosimda ramziy lenta kesilib, tamal toshi qo‘yildi.

Ta’kidlanishicha, umumiy qiymati $750 mln bolgan kompleks “Markaziy Osiyodagi yagona loyiha” bo‘ladi. U nafaqat Namangan viloyati, balki Farg‘ona vodiysining iqtisodiyotini rivojlantirishi qayd etildi.

Loyiha doirasida zamonaviy turar-joylar, biznes markazlar, besh yulduzli mehmonxonalar, savdo va dam olish maskanlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi va xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoni paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Yil boshida Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd. kompaniyasi Yangi Namangan shaharchasida turar-joy majmuasini qurishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda loyiha hududi 66 gektar maydonni tashkil etishi aytilgandi.


Avvalroq China Everbright Namanganda chiqindi yoqish zavodi qurilishini boshlagandi.