Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zlamoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda energetika tizimiga $35 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 mlrd kVt/soatdan joriy yilda 85 mlrd kVt/soatga yetdi.

Salkam 5 ming MVtli quyosh va shamol, 400 MVtli gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi 2025-yil 30% ga yetkaziladi.

Prezident energetika sohasida erishilayotgan katta yutuq va marralarda salohiyatli investorlar va ishonchli sheriklarning beqiyos hissasi borligini qayd etdi. Davlat rahbari hamkor mamlakatlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Saudiyaning ACWA Power, Turkiyaning AKSA, Cengiz Enerji, Amirliklarning Masdar, Xitoyning China Energy, Datang, Sinoma, Poly, CNTIC, Eagle Rise, Fransiyaning EDF, Voltalia, Total Energies, Germaniyaning Siemens Energy va Qatarning Nebras kompaniyalariga, Jahon banki, YTTB, OTB, OIIB, ITB va boshqa moliya institutlari vakillariga minnatdorchilik bildirildi.

Marosimda qariyb $11 mlrdlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlari ishga tushiriladi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beriladi.

Xususan, hududlarda jami 3500 MVtli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiya foydalanishga topshiriladi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 mlrd kVt/soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 23 mlrd kilovatt-soatga yetkaziladi.

“E‘tibor bering, bu — O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste‘moli to‘liq qoplanadi, deganidir”, — dedi prezident. “Toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 mlrd kub metrga kamayadi, atmosferaga 11 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

1245 MVtli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilmoqda. Bu energiya eng ko‘p iste‘mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Prezident elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030-yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ishga tushirish muhimligini ta‘kidladi. Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54% ga yetkaziladi.

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida $3,3 mlrd bo‘lgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ladi.

Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi. Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoqlar o‘tkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.

Prezident ramziy dastakni bosib, 42 ta energetika obyektini ishga tushirdi va 21 ta yangi loyiha qurilishini boshlab berdi.


Avvalroq OIIB O‘zbekistonga “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun $500 mln ajratgandi.