Avvalroq prezident Toshkentda transport tizimi boshqaruvi takomillashtirilishi va yo‘llarda tirbandliklarning oldi olinishi bo‘yicha qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, intellektual transport tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Tizimda videokuzatuv vositalari va sensorlardan foydalangan holda transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlari to‘g‘risida maʼlumotlar yig‘iladi.

Oqimlarni tahlil qilish asosida svetoforlar boshqariladi, svetofor fazalari avtomatik tarzda moslashtiriladi. Agar harakat jadvalidan chetga chiqilsa, maxsus va jamoat transporti vositalari harakatining ustuvorligi taʼminlanadi.

Avtotransportlar, shu jumladan, maxsus texnikalar harakati monitoring qilinadi, qurilish hamda maxsus texnikalarning maxsus mexanizmlari ishi nazorat qilinadi. Yo‘l-transport hodisasi xavfi yuqori bo‘lgan hududlar aniqlanib, ular bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Qarorga ko‘ra, “Qulay muhit” va “Hokimiyat monitori” axborot tizimlari yaratiladi. Maʼmuriy videokuzatuv tizimlari orqali obodonlashtiriladi va qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunbuzilishlar avtomatik qayd etiladi.

Raqamli videodomofon tizimlari orqali turar joy binolari atrofi nazorat qilinadi. Aholini tezkor xabardor qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta aloqa o‘rnatiladi.

Dispetcherlik markazini o‘z ichiga oluvchi yagona shahar platformasi orqali mahallalar hududidagi holat tezkor monitoring qilinadi va hududlarga xizmat ko‘rsatilishi ustidan nazorat olib boriladi.

Katta hajmdagi maʼlumotlar bazasi (Big Data) tahlili va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hisobiga obodonlashtirish sohasini boshqarish sifati oshiriladi.

3-dekabr kuni prezident Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishgandi. Yig‘ilishda Toshkentda sinov tarzida yagona yo‘l harakati markazi ochilishi taʼkidlandi. Davlat rahbari pilot loyihani joriy yilning o‘zidayoq ishga tushirishni topshirgan edi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov poytaxtda yo‘l infratuzilmasini boshqarishning yagona tizimi mavjud emasligi tirbandliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolayotganini aytgandi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi natijasida tirbandlik 40% gacha kamayishi taʼkidlandi.


Avvalroq Toshkentda avtobusda yo‘l haqini to‘lamagan 20 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.