Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) ekoreydlarda tadbirkorlarning mulkiy huquqlarini to‘liq ta’minlashga chaqirdi.

Unga ko‘ra, mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan nazorat tadbirlari yuzasidan Biznes-ombudsmanga murojaatlar kelib tushmoqda. Ularda ayrim hududlarda tadbirkorlarning qonuniy mulkiga zarar yetkazish holatlari kuzatilayotgani bildirilgan.

“Shuni alohida qayd etish lozimki, “Tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Tadbirkorlikni tugatish yoki uning mol-mulkiga nisbatan boshqa choralar ko‘rish faqatgina vakolatli organ yoxud sud qaroriga binoan amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.

Biznes-ombudsman shundan kelib chiqib, vakolatli davlat organlarini bu muhim jarayonlarda tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari va mulkiy huquqlarini ta’minlashga, xususiy mulkka nisbatan qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka va har qanday choralarni qonunchilik asosida amalga oshirishga chaqirdi.

Noyabr oyi oxirida prezident Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

3-dekabr Andijon viloyatining Shahrixon tumanida atmosferani muhofaza qilish bo‘yicha o‘tkazilgan ekoreydlarda bir nechta oshxonalardagi tandirlar ekskavator yordamida buzib tashlandi.

Biroq, bu holat tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lgach, tuman hokimligi xabar va videotasvirlarni rasmiy kanallaridan o‘chirdi. Natijada, viloyat hokimligi Shahrixon hokimi Hikmatillo Dadaxonovga “masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani” uchun hayfsan berdi.

Avvalroq Toshkentda havoni zararlagani uchun 4 ta qurilish to‘xtatilib, 41 kishi javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 430 ta issiqxona faoliyati o‘rganilib, 22 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.