Avvalroq prezident energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zlayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari mamlakat elektr energiyasi generatsiyasi yo‘nalishidagi islohotlar natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni DXSH asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etishda katta tajriba orttirganini aytdi.

“Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste‘molchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qo‘llashni boshladik”, — dedi prezident.

Xususan, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Turkiyaning Aksa elektrik kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgani ma‘lum qilindi. Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yo‘qotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili o‘rtacha $20 mln tejaladi.

Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.

Aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilishi ta‘kidlandi. Yangi yilda Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi.

Mazkur ijtimoiy loyiha keng joriy etilib, 30 mingta kambag‘al oilaga “yashil” energiya kirib boradi. Ular o‘z ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.

Tadbirkorlar ham suv resurslaridan unumli foydalanib, joriy yil 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurishdi. Natijada 120 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va ular qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Keyingi yilda 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi. Ushbu loyihalar hisobiga 80 mingta xonadonda elektr ta‘minoti tubdan yaxshilanadi.

“Yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Ya‘ni 2035-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50% ga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik”, — dedi prezident.

Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion ICRAFT loyihasi boshlandi. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 mln tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini amalga oshirishga kirishildi.

Shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning soni 100 taga yetkaziladi.

Davlat rahbari qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklik mustahkamlanganini qayd etdi.

“Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan „Qambar-ota GES-1“ loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil yo‘lak” loyihasi doirasida hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat‘iy sa‘y-harakatlari yuqori baholandi.

Davlat rahbari nutqining yakunida bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishni ta‘minlab, kelajak avlodlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishini taʼkidladi.

“Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini, albatta, to‘liq barpo etamiz. Mazkur loyihalarda faol ishtirok etayotgan energetika sohasi vakillariga, barcha ishchilar, muhandislar va xorijlik hamkorlarimizga yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman”, — dedi prezident.


Avvalroq BAA kompaniyalari O‘zbekistonda 500 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlarini qurishi aytilgandi.