Tadbirkor ayollarning hikoyalari ko‘pincha oddiy g‘oya va boshqalarning hayotini yaxshilash istagidan boshlanadi. Gulrux Abdujabborova — ma’lumoti bo‘yicha dizayner, uch qizning onasi va Imdi Baby bolalar to‘qimachilik brendi asoschisi. Bugungi kunda uning korxonasida o‘nlab ayollar mehnat qilmoqda. U nafaqat ish o‘rinlari yaratmoqda, balki hunarga o‘rgatmoqda va butun O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar qalbini zabt etgan mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

Hamroh va Uzum Market qo‘shma loyihasi aynan shunday hikoyalar haqida — u o‘z biznesini boshlayotgan, imkoniyatlar izlayotgan, yangi narsalarni o‘rganayotgan va rivojlanayotgan ayollar haqida.

hamroh, imdi baby, reklama, uzum

Brend qanday paydo bo‘lgani haqida

2020-yilgacha yirik tikuvchilik fabrikasida bosh dizayner bo‘lib ishlaganman. Karantin boshlangach, ko‘pchilik qatori men ham uyda ishsiz qoldim. Bu davrda ikkinchi farzandim tug‘ildi va men o‘zim unga turli xil bolalar to‘qimachilik buyumlarini tika boshladim. O‘shanda birinchi marta: “Bunday mahsulotlarni boshqalar uchun ham ishlab chiqarsam-chi?” deb o‘ylab qoldim.

Pandemiya sharoitida o‘z biznesimni boshlash oson bo‘lmadi: asbob-uskunalar, binolar va xomashyo kerak edi. O‘shanda prezidentimiz tashabbusi bilan “Ayollar daftari” dasturi yo‘lga qo‘yilib, ayollarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit olish imkoniyati yaratilgan edi. Shu dasturga a’zo bo‘lib, uchta zamonaviy tikuv mashinasi sotib oldim.

Uyimiz yonidagi tashlandiq binoni ijaraga olib, butun oilamiz bilan tartibga keltirdik. Turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlashi va ota-onamning yordami bilan qo‘limda uch oylik chaqalog‘im bilan Imdi Baby’ni yaratish uchun dastlabki qadamlarni qo‘ydim.

Imdi Baby brendi nomi qizlarim — Iman va Diyora ismlaridan tuzilgan. Ular mening ilhom manbaimdir. Bugungi kunda korxonamizda kichkintoylar uchun zarur bo‘lgan deyarli barcha to‘qimachilik mahsulotlari — ko‘rpa va yostiqlar, to‘shaklar, pilla va konvertlar, bolalar xonasi uchun belanchak-savatlar va pardalar, kiyim-kechaklar, ortopedik yostiqlar, o‘yinchoqlar, organayzerlar va yo‘rgaklar ishlab chiqarilmoqda.

Ishlab chiqarishda har bir bola qulay, sog‘lom muhitda o‘sishi uchun faqat 100% paxtadan foydalanamiz.

Korxonada hozir 24 nafar ishchi bor. Ular orasida mahallamizdagi ayollar, nogironligi bo‘lgan ayollar, talaba qizlar va “Ayollar daftari” orqali qo‘llab-quvvatlangan ayollar bor. Ayollar o‘zlariga qulay rejimda ishlashi uchun kasanachilik tizimini yo‘lga qo‘ydik. Ishlab chiqarishda tikuvchilik va ishlab chiqarish asoslarini o‘rgatadigan o‘quv markazi faoliyat yuritmoqda.

hamroh, imdi baby, reklama, uzum

Hamroh: yangi bilimlar, yangi imkoniyatlar

Yaqinda Hamroh dasturiga qo‘shildim. Ma’ruzalar, treninglar, moliyaviy savodxonlik dasturlari va mutaxassislar bilan uchrashuvlarda qatnashyapman. Hamroh dunyoqarashni kengaytirish, boshqa tadbirkor ayollar bilan tanishish, g‘oyalarni muhokama qilish, yechimlar topish va qo‘llab-quvvatlashni his qilishga yordam beradi.

Dastur men uchun nafaqat bilim manbai, balki kuchli tayanch bo‘ldi — yonimda o‘sha murakkab yo‘ldan borayotgan ayollar borligini his qildim.

Har qanday biznesda bo‘lgani kabi, mening yo‘limda ham qiyinchiliklar, kutilmagan vaziyatlar va shubhali lahzalar bo‘ldi. Lekin hech qachon to‘xtamadim. O‘qidim, yangi narsalarni sinab ko‘rdim, g‘oyalar izladim va oldinga intildim. Men ishonamanki, inson o‘z ishini chin dildan sevib, unga bor kuchi bilan berilsa, muvaffaqiyat baribir ertami-kechmi keladi.

Vaqt o‘tishi bilan ishimizning natijasi ko‘zga tashlana boshladi. Ko‘rgazma va tanlovlarda qatnashib, 2022-yilda “Ishbilarmon ayol” tanlovining Respublika bosqichida uchinchi o‘rinni, 2024-yilda esa g‘oliblikni qo‘lga kiritdik.

Ammo faoliyatimizdagi eng muhim kun 2024-yil 19-mart kuni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning korxonamizga tashriflari bo‘ldi. Ular kompaniya faoliyati bilan tanishdilar, mahsulotlarimizni ko‘zdan kechirib va bir umr yodimda qoladigan so‘zlarni aytdilar: “Qizim, sizga ishonaman. Qo‘lingizdan hali ko‘p yaxshi ishlar keladi”. Bu so‘zlar men va butun jamoa uchun katta qo‘llab-quvvatlash, ilhom va mas’uliyat bo‘ldi.

Maqsadim — ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va Imdi Baby brendini Made in Uzbekistan belgisi ostida xalqaro bozorga olib chiqishdir. Yangi filiallar ochish, ish o‘rinlari yaratish, ayollarni o‘qitish va ularga o‘z biznesini qurishda yordam berishni istayman.

Eng muhimi, bizga bildirilgan ishonchni oqlash va aziz Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishdir.

hamroh, imdi baby, reklama, uzum

Onlayn orqali o‘sish

Bugun men onlayn savdo-sotiqsiz biznesni rivojlantirish mumkin emasligini tushunib yetdim. Biz bunga ko‘p kuch sarflayapmiz. Ota-onalar qulaylik, tezkor yechimlar va mahsulotlarning mavjudligini xohlashadi va biz buni ta’minlashga harakat qilamiz: biz brendning ijtimoiy tarmoqlarini faol yuritamiz va foydalanuvchilarning so‘rovlariga tezda javob berishga intilamiz.

Bundan tashqari, biz Uzum Market’ga chiqish uchun mahsulotlar va kontent tayyorlashni boshladik. Biz Imdi Baby’ni Uzum Market’da taqdim etish va brendimizni butun mamlakat bo‘ylab oilalar uchun qulay qilish maqsadida fotosuratlar, qadoqlash va mahsulotlar turini yangilayapmiz.

Onlayn savdo men uchun auditoriyani kengaytirish, ishonch bilan o‘sish va bir kun kelib mahsulotlarimizni O‘zbekistondan tashqarida ham taqdim etish imkoniyatidir.

O‘z ishini ochish haqida o‘ylayotgan barcha ayollarga aytmoqchiman: kuchli, sabrli va o‘zingizga ishongan bo‘ling. Har qanday sinov — yangi imkoniyat demakdir. Chin yurakdan mehnat qilib, olg‘a intilsangiz, albatta muvaffaqiyatga erishasiz. Bugungi kunda mamlakatimizda ayollar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan. Ulardan oqilona foydalaning, o‘zingizga ishoning va orzuingiz sari dadil qadamlar tashlang.

Barcha ayollarga muvaffaqiyatlar, ilhom va insonlarga naf keltiradigan ishlar tilayman. Yodingizda bo‘lsin: olg‘a intilganlarga omad doimo yor bo‘ladi.

Reklama huquqlari asosida.