Shavkat Mirziyoyev ACWA Power kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni kompaniyalari delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda prezident mtabuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish va ustuvor qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Davlat rahbari O‘zbekiston “yashil” energetika sohasining strategik investori hisoblangan ACWA Power kompaniyasi bilan samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.


5-dekabr kuni 752 megavatt quvvatga ega 4 ta shamol elektr stansiyasi elektr tarmog‘iga ulandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida umumiy quvvati 2,3 gigavattni tashkil etadigan 5 ta elektr stansiyasi hamda 300 megavattli energiya saqlash tizimining qurilishi boshlandi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatini Toshkent viloyati bilan va Qoraqalpog‘iston Respublikasini Buxoro viloyati bilan bog‘laydigan umumiy uzunligi 1790 kilometrlik 500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini barpo etish boshlandi.
Uchrashuv davomida energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Sentabr oyida ACWA Power O‘zbekiston hukumati bilan $5 mlrdlik yangi kelishuvni muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq 2026-yilda mahallalarda kooperatsiya asosida 107 MVt quvvatli quyosh stansiyalari o‘rnatilishi aytilgandi.


