Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamenti Boss savdo belgisidan ruxsatsiz foydalanishga chek qo‘yilganini ma’lum qildi.
Germaniyaning Hugo Boss AG kompaniyasi o‘ziga tegishli savdo belgisiga bo‘lgan huquqlarning buzilishi yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritdi.
Mahalliy D.W. firmasi “iste'molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan” o‘xshashlik darajasiga ega bo‘lgan qalbaki kiyimlarni sotdi.
Sud 28-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan huquq egalarining da’vosini qanoatlantirib, javobgardan 20 mln so‘m kompensatsiya undirish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Adliya vazirligi noyabr oyi boshida D.W.da tekshiruv o‘tkazgan va qoidabuzarliklar faktini tasdiqlagan edi. O‘shanda firmaga nisbatan “tegishli ta’sir choralari” qo‘llanilgan — xususan, u sotish uchun saqlangan 173 dona kontrafakt tovarni yo‘q qilish majburiyatini olgan.
Joriy yil boshidan beri Boss brendiga bo‘lgan huquqlarni buzish bilan bog‘liq kamida to‘rtta holat aniqlandi. Masalan, avgust oyida adliya organlari yakka tartibdagi tadbirkor J.M.ga do‘kondan ruxsatsiz foydalanilayotgan Germaniya markasi tushirilgan peshlavhani olib tashlashni buyurdi.
Shuningdek, noyabr oyi o‘rtalarida Intellektual mulk departamenti O.A.ning do‘konini tekshirib, reyd yakunlari bo‘yicha 57 dona kontrafaktni yo‘q qilishni buyurgan.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi Boss va boshqa tovar belgilariga bo‘lgan huquqbuzarliklar aniqlangani, buning uchun 370 mln so‘m jarima qo‘llanilganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda soxta Puma sotuvchisiga 41,2 mln so‘m jarima solingani haqida yozgandi.
Adliya vazirligi Blanc Bleu mineral suvi idishining savdo belgisi va dizaynidan noqonuniy foydalangani uchun yakka tartibdagi tadbirkorni ogohlantirdi.
