Markaziy bank noyabr oyida $500 mlndan ortiq AQSH obligatsiyalarini sotib oldi. Bu haqda regulyator ma‘lumotlarida keltirilgan.
1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralarida $1,52 mlrdlik qimmatli qog‘ozlar saqlanmoqda. O‘tgan oyga nisbatan ularning hajmi $503,3 mlnga, joriy yil boshidan esa 15 barobarga oshdi.
Natijada qimmatli qog‘ozlarning regulyator rasmiy zaxiralaridagi ulushi 1,72% dan 2,49% gacha oshdi.
Noyabr oyi oxirida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov oltin-valyuta zaxiralarini yanada diversifikatsiya qilish rejalari haqida ma’lum qildi. Xususan, regulyator “qat'iy belgilangan daromadli instrumentlarning kengroq doirasiga” investitsiya kiritmoqchi.
Ular orasida suveren obligatsiyalar, transmilliy tashkilotlar obligatsiyalari, derivativlar va boshqa yuqori sifatli qimmatli qog‘ozlar mavjud. Bunda moliyaviy instrumentlar “A” darajadan past bo‘lmagan kredit reytingiga ega bo‘lishi lozim.
“Biz [oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishni] qat’iy daromadli AQSH g‘aznachilik obligatsiyalaridan boshladik, chunki ular an’anaviy ravishda xatarsiz aktivlar hisoblanadi. Ammo boshqa vositalar ham mavjud — korporativ obligatsiyalar, xalqaro moliya tashkilotlarining qog‘ozlari. Bunday turdagi obligatsiyalarga investitsiya kiritishni boshlash uchun biz avtomatlashtirishning IT-tizimini integratsiyalashni yakunlashimiz kerak”, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Abror Mirzo Olimovning so‘zlariga ko‘ra, Jahon bankining RAMP dasturi ko‘magida aktivlarni boshqarish bo‘yicha dasturiy yechimlarni joriy etish uchun RFP (takliflar so‘rovi) ishlab chiqilgan. “RFPni yakunlaganimizdan so‘ng, boshqa aktivlarga sarmoya kiritishimiz mumkin bo‘ladi”, — deya xulosa qildi u.
2024-yil may oyida Markaziy bank tarixda birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga $35 mln miqdorida investitsiya kiritdi. Jahon banki ko‘magida zaxiralarni diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi. Oktabr oyida regulyator $65 mlnlik AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib oldi, o‘tgan yil yakuni bilan esa ularning hajmi $101 mlndan ortiqni tashkil etdi.
Yanvar oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov AQSh davlat obligatsiyalarini sotib olishni davom ettirish rejalari haqida aytgandi. Oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun regulyator kriptovalyutalarni sotib olish imkoniyatini istisno qilgan holda risksiz aktivlarga investitsiya kiritadi.
Sentabr oyida regulyatorning Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyev Markaziy bank Amerika obligatsiyalariga qo‘shimcha ravishda rivojlangan davlatlar obligatsiyalarini ham sotib olishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u xorijiy kompaniyalar aksiyalarini emas, balki faqat davlat obligatsiyalarini sotib olish ko‘rib chiqilishi mumkinligini ta’kidladi.
Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajadagi $61,2 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bankning xalqaro aktivlari bir oyda $1,89 mlrdga oshdi. Oltin qiymati rekordni yangilab, $50,8 mlrdga yetdi. Valyuta zaxiralari esa sezilarli kamaydi.
