Avvalroq hukumat qarori bilan avtotransport vositalariga ekologik stikerlarni berish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etiladi. U barcha turdagi avtomobillarning havoga chiqaradigan zararli moddalar miqdorini belgilangan me’yorlarga mosligini nazorat qiladi. Ekologik stikerlar ham ushbu tizim doirasida beriladi.
Bundan tashqari, kelasi yildan mamlakatda ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalari texnik hujjatlarida ularning ekologik sinfi ko‘rsatiladi. Bu ma’lumotlar avtomobillarning hisob-ma'lumotnomalarida aks ettiriladi.
Avtomobillarga ekologik toifa belgilash
IIVning Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi avtomobillarga ekologik toifa belgilaydi, diagnostika o‘tkazadi va ekostikerlarni rasmiylashtiradi.
Jarayon Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish yoki qayta ro‘yxatga olish vaqtida amalga oshiriladi va buning uchun alohida to‘lov olinmaydi. Foydalanishdagi avtomobillar esa egasining ixtiyoriy murojaati bilan tekshiriladi.
Ishlab chiqaruvchi ekologik sinfni (Yevro va unga muqobil standartlar) tasdiqlagan transport vositalari diagnostikadan o‘tkazilmaydi.
Avtomobillar quyidagi mezonlarga ko‘ra ekologik toifalarga ajratiladi:
— benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi:
- Yevro-2 va undan yuqori ekologik sinfiga (Yevro va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) kiruvchi avtomobillar — “toza”;
- Yevro-0 va Yevro-1 — “o‘rta”.
— dizelda harakatlanuvchi avtomobillar:
- Yevro-4 va undan yuqori — “toza”;
- Yevro-3 — “o‘rta”;
- Yevro-0, Yevro-1 va Yevro-2 — “zararli”.
Shuningdek, gibrid, muqobil yoqilg‘ida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan transport vositalari “toza” toifa oladi.
Ekologik toifa avtomatik ravishda “Avtomototransport hisobi” modulida belgilanadi. Avtomobil sinfi ma’lum bo‘lmasa, ekologik operator diagnostika tekshiruvini o‘tkazadi. Toifalar esa chiqindi normativlari — avtomobilning atmosfera havosiga ta’siri darajasiga qarab aniqlanadi.
Agar avtomobil egasi natijalardan norozi bo‘lsa, ularni ixtiyoriy ravishda qayta diagnostika tekshiruvidan o‘tkazishi mumkin. Avval “o‘rta” yoki “zararli” toifa olgan avtomobillarni ham yiliga bir marta bepul qayta diagnostika qilib, ekologik toifasini yaxshilash va yangi stiker olish mumkin.
Undan keyingi har bir diagnostika va ekostiker olish xizmatlari to‘lov asosida ko‘rsatiladi. Uning narxi BHMning bir baravari (412 ming so‘m) ni tashkil etadi.
Avtomobillarga ekologik stiker berish
Transport vositalarini ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olishda (ilgari ekostiker olgan bo‘lsa ham) ularning toifalariga mos ravishdagi “yashil”, “sariq” yoki “qizil” rangli ekostikerlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarida ekologik operatorlar tomonidan muddatsiz davrga beriladi.
Ekologik stikerlar quyidagi namunalarda bo‘ladi:



Ekostikerlar avtomatik tarzda chop etiladi va ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi hamda davlat raqami belgisi bilan birga avtomobil egasiga beriladi.
Uni avtomobil old oynasining pastki o‘ng burchagiga ichki tomondan yelimlash kerak. Ekostikerni boshqa joyga o‘rnatish, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan olib tashlash va qayta yelimlash mumkin emas.
Bundan tashqari, stikerlar ekologik sinfi ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan avtomobillarga diagnostikasiz beriladi. Ekologik sinfini aniqlab bo‘lmaydigan avtomobillarda esa tekshiruv o‘tkazilib, natijasi asosida avtomatik ravishda mos rangdagi stiker rasmiylashtiriladi.
Foydalanishda bo‘lgan transport vositalari egalari stikerlarni olish uchun YHXXning rasmiy sayti yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn murojaat qilishlari mumkin. Arizada quyidagilarni ilova qilish kerak:
- elektron ariza;
- avtomobilning ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning elektron nusxasi;
- pochta manzili (ekologik stikerni jo‘natish uchun).
Vakolatli organ 10 kun ichida avtomobil haqidagi ma’lumotlarni tekshirib, ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan ekologik sinfni avtomatik tarzda aniqlaydi. Undan keyin ekologik toifaga mos stiker rasmiylashtirilib, ko‘rsatilgan manzilga yuboriladi. Bunda pochta xarajatlari uchun BHMning 5%i (20 600 so‘m) miqdorida to‘lov olinadi.
Avvalroq Toshkentda transport tizimi boshqaruvi takomillashtirilishi va yo‘llarda tirbandliklarning oldi olinishi haqida xabar berilgandi.



