Avvalroq hukumat qarori bilan avtotransport vositalariga ekologik stikerlarni berish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, hududlarda ekologik zonalarni tashkil etish hamda ularning atmosfera havosi bo‘yicha elektron ekologik xaritasini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hududlar chegaralari belgilanib, o‘zgartiriladi hamda ekologik zona pasporti ishlab chiqiladi. Ekologik zonalarni yaratishda yer fondiga tegishli barcha yer toifalari hisobga olinadi.
Ular quyidagi indikatorlar asosida baholanadi:
- SO2 emissiyasi;
- energiya iste’moli, qayta tiklanuvchan energiya manbalari;
- binolarning energiya samaradorligi;
- ekologik transport va infratuzilma;
- yerdan “yashil” foydalanish;
- chiqindilarni qayta ishlash va kamaytirish;
- suv iste’moli va samarali tozalash;
- havo sifati (asosiy ifloslantiruvchi moddalar darajasi);
- “yashil” boshqarish, jamoatchilik faolligi;
- bioxilma-xillik.
Baholash 100 ballik tizim asosida amalga oshiriladi. Eng past ball olgan hududlar ekologik zona toifasiga nomzod etib belgilanishi mumkin. Ularni hisoblash tartibi Ekologiya qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yoki ularning ayrim yer uchastkalari, shuningdek, ekologik, ilmiy, madaniy, rekreatsiya va sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga ega hududlarda baholashsiz ekologik zonalar tashkil etilishi mumkin.
Ekologik zonalarda tegishli yo‘l belgisi o‘rnatilib, “o‘rta” va “zararli” toifadagi hamda ekologik stikeri bo‘lmagan avtomobillarning harakatlanishi taqiqlanadi. Qoidalarni buzish esa javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bu toifalardagi avtomobil egalari bir yilga mo‘ljallangan ruxsatnoma bilan ekologik zonalarga kirishi mumkin. Buning uchun esa quyidagicha ekologik kompensatsiya to‘lash kerak bo‘ladi:
- “O‘rta” toifa — BHMning 1 baravari (412 ming so‘m);
- “Zararli” toifa — BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m).
Kompensatsiya to‘lovining 40% respublika budjetiga, 60% esa Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
To‘lov amalga oshirilgach, transport vositasi va egasi haqidagi ma’lumotlar IIVning YHXX axborot tizimiga avtomatik kiritiladi. Ruxsatnoma berish tartibi hukumat qarori bilan belgilanishi kerak.
Shoshilinch yordam, tezkor xizmatlar va jamoat transporti (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari) ekologik zonalarda hech qanday cheklovlarsiz harakatlanishi mumkin.
Ekologik zonada doimiy yashovchi yoki ishlovchi fuqarolar ham, shuningdek, tibbiyot muassasalariga kechiktirib bo‘lmaydigan holatda kiruvchilar ham cheklovlarsiz harakat qilishlari mumkin.
Atmosfera havosining ekologik xaritasi
Atmosfera havosining holati yagona monitoring tizimi orqali kuzatiladi. Monitoring jarayoni ifloslanish manbalarini, havodagi ifloslantiruvchi moddalar darajasini va emissiya holatini baholashdan iborat.
Monitoring natijalariga ko‘ra hududlarning real ekologik vaziyati aniqlanadi va ekologik zonalar tashkil etiladi. Shuningdek, dinamik elektron ekologik xarita yuritiladi.
Xarita “Ekologik transport” tizimi doirasida ekologik zonalardagi atmosfera havosining monitoringi asosida ularning chegaralarini davriy ravishda yangilab borishga xizmat qiladi. U havoning ifloslanish darajasini kuzatish, manbalarni aniqlash va aholi salomatligiga zarar yetkazuvchi tashlamalarning oldini olish uchun tezkor choralar ko‘rishda qo‘llanadi.
Xarita ma’lumotlari elektron platformada muntazam e’lon qilinadi va jamoatchilik uchun doimiy ravishda ochiq bo‘ladi.
Avvalroq Toshkentda avtomobillarga ekostiker berish 2026-yildan boshlanishi haqida xabar berilgandi. Ekologik stikerlar ro‘yxatga olish jarayonida bepul beriladi, foydalanishdagi avtomobillarga esa onlayn murojaat orqali olish mumkin bo‘ladi.
