O‘zbekistonda yirik atom elektr stansiyasi quvvatini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali tomonidan e’lon qilingan Jizzax viloyatida joylashadigan integratsiyalashgan AES sxemasidan ma’lum bo‘ldi.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lajak integratsiyalashgan stansiya maydonida to‘rtta yirik quvvatli energoblok qurilishi rejalashtirilgan. Ulardan ikkitasi Rossiyaning VVER-1000 reaktorlari hisoblanadi, avvalroq faqat ikki reaktor haqida xabar berilgandi. Har bir blok uchun ikkita gradirnya qurilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, RITM-200N kichik modulli reaktori, qurilish-montaj bazasi, meteorologik maydoncha, chiqindilarni ko‘mish joylari, radiatsiyaviy vaziyatni nazorat qilish tizimi inshootlari va ikkita kuchlanish darajasi: 500 kV va 220 kV bilan ishlaydigan ochiq taqsimlash inshootini qurish ko‘zda tutilgan. AES maydoniga avtomobil va temir yo‘llari tortiladi.

Bundan tashqari, yirik AESdagi reaktorlar sonini to‘rttagacha oshirish O‘zbekistonning 2040-yilgacha mo‘ljallangan energiya balansi strategiyasiga ham kiritilgan. Bu haqda Energetika vazirligi taqdimotida qayd etilgan (Spot ixtiyorida mavjud).
2030-yilda mamlakat energetika tizimida ilk bor atom generatsiyasi paydo bo‘ladi — uning o‘rnatilgan quvvati 0,3 GVtni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2035-yilgacha o‘zgarishsiz qoladi, 2035-yildan esa quvvat 2 GVtgacha oshadi. 2040-yilga kelib, atom energetikasi allaqachon 4 GVt quvvatni ta’minlaydi va bu bo‘yicha ko‘mir generatsiyasini ortda qoldiradi.
Agar elektr energiyasining haqiqiy ishlab chiqarilishi hisobga olinsa, 2032-yilda atom generatsiyasi 0,5 mlrd kVt/soatni, 2033-yilda esa 1 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. 2034−2035-yillarda AES ishlab chiqarish hajmi 2 mlrd kVt/soatga yetadi. Eng yuqori ko‘rsatkich 2040-yilda kutilmoqda — o‘sha yili integratsiyalashgan stansiya tarmoqqa qariyb 10 mlrd kVt/soat elektr energiyasi uzata oladi, bu prognoz qilingan umumiy iste’molning 6% ini tashkil etadi.

Oktabr oyida kichik quvvatli AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida Rossiya loyihasi bo‘yicha qurilayotgan RITM-200N reaktorli energoblok kotlovanini qazish ishlariga start berildi.
23-dekabr kuni stansiyani qurish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi. Eshituvlarda bo‘lajak AES qurilishi va ekspluatatsiyasining atrof-muhitga ta’sirini baholash muhokama qilinadi. Uchrashuv joyi sifatida Jizzax viloyati Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ining qurilish maydoni yaqinidagi 30-sonli madaniyat markazi tanlandi.
Dekabr oyi boshida Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida atom elektr stansiyasida ishlaydigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma‘lumot berildi. Shaharcha stansiyadan 16 km uzoqlikda joylashib, 155 gektar hududda 10 ming xonadonli shaharcha barpo etiladi. Unda maktab, bog‘cha, tibbiyot markazi, mehmonxonalar va sanitar himoya zonalari bo‘ladi.
Avvalroq ACWA Power uzunligi 1790 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘ini qurishni boshlagani haqida xabar berilgandi. 5-dekabr kuni esa kompaniya amalga oshirgan 752 megavatt quvvatli 4 ta shamol elektr stansiyasi elektr tarmog‘iga ulandi.
