O‘zbekiston yil boshidan buyon qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan 10 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Yangi rekord ko‘rsatkich 8-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da qayd etildi. Ayni paytda mamlakatda umumiy quvvati 5582 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Oxirgi 1,5 oyda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga ularning quvvati 900 MVtga oshgan.

Taxminan 1,5 oy ichida yana 1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Avvalgi marra — 9 mlrd kVt/soatga 22-oktabr kuni erishilgan edi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari tufayli O‘zbekiston 2,7 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qildi. Shuningdek, atmosferaga 4,4 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olindi.

Gidroelektr stansiyalarni hisobga olgan holda 8-dekabr soat 17:00 holatiga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi 16 mlrd kVt/soatni tashkil etdi.

“Yashil” energiya hajmi 6,6 mln xonadonning yillik ehtiyojini to‘liq qoplash uchun yetarli, deya aniqlik kiritdi Energetika vazirligi.

Taqqoslash uchun: 2022-yilda Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi birinchi fotoelektr stansiyalari 434 mln kVt/soat ishlab chiqargan. 2023-yilda generatsiya hajmi 576,9 mln kVt/soatni, 2024-yilda esa 4,86 mlrd kVt/soatni tashkil etgan.


Avvalroq O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston elektr uzatish tarmoqlari quvvatini oshirishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, loyiha chegaraoldi hududlarda Jahon bankining REMIT dasturi yordamida amalga oshirilmoqda.