Avvalroq tarmoqlarda Humans ilovasi orqali foydalanuvchilarning kartalaridan pullar yechib olingani haqida xabarlar tarqalgandi.
Markaziy bank holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, 8-dekabr kuni soat 08:30 atrofida regulyatorga fuqarolar tomonidan Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushganini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, joriy yilning aprel oyida Humans companies va Octagram o‘rtasidahi kelishuv asosida Humans agent sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlarini (to‘lov va P2P pul o‘tkazmalari) yetkazib berishni boshlagan.
Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida Octagram (Paylov savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
9-dekabr holatiga ko‘ra, Humans mobil ilovasi orqali Paylov tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Regulyator Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlayotgani, shuningdek, kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati saqlanib qolganini bildirdi.
Hozirda holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlanib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy axborot beriladi.
Shuningdek, Markaziy bank fuqarolarga bu bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilish mumkinligini ham eslatib o‘tdi.
Avvalroq Spot Asia Alliance Bank Humans’ni 65 mlrd so‘mlik qarzdorlik uchun sudga bergani haqida yozgandi. Humans va Humans Companies shartnoma shartlarini muntazam buzib, o‘z majburiyatlarini bajarmagan.
