Prezident davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yildan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomidagi 33 ta tuman hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi.

Bunda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat organlari faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlarini ularga qo‘yilgan vazifalar asosida shakllantiradi. Shundan so‘ng hukumat tomonidan tasdiqlanadi.

Agentlik natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi hamda uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi. Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilganligini samaradorlik.gov.uz elektron platformasi orqali baholashni tashkil etadi.

Tegishli vazifalarni bajarish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda zamonaviy yondashuv, zarur hollarda, qo‘shimcha bosqichlarni joriy etadi.

Farmonga ko‘ra, davlat organlarining vazifa va funksiyalari 5 ta darajaga ajratiladi. Bular:

  • konstitutsiyaviy va milliy daraja;
  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari darajasi;
  • hududiy daraja;
  • tuman (shahar) darajasi;
  • mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yig‘ini darajasi.

Kelgusi yildan 33 ta tumanda faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi.

Tuman darajasidagi ijro hokimiyati rahbarlari har 5 yilda, qoidaga ko‘ra, respublika hududlari doirasida boshqa tumanga rotatsiya qilinadi. Rotatsiya tuman bo‘linma rahbarlari, tuman hokimi va uning o‘rinbosarlariga birdek tatbiq etiladi.

Rotatsiya qilinadigan rahbarlar agentlikning hrm.gov.uz elektron platformasi orqali aniqlanadi. Rahbar yangi hududga o‘tishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati bo‘yicha intensiv kursda o‘qitiladi.

Rotatsiya qilingan rahbar faoliyati agentlik tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.

Oktabr oyida prezident qarori bilan 33 ta namunali tuman va shahar barpo etilishi belgilangandi.


Avvalroq O‘zbekistonda amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish va informatorlarni himoya qilish bo‘yicha qonun loyihalari ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.