“UzAuto Motors” AJning Asaka zavodida “9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Tadbirda Andijon viloyati Asaka tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Isomiddin Ergashev, tuman IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili kapitan Bobur Sattarov, Andijon davlat Texnika Instituti talabalari, Asaka mashinasozlik va transport texnikumi o‘quvchilari, dilerlik korxonalari rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “UzAuto Motors” AJ Bosh direktori Yanosh Kovach kompaniyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va jamiyatning bu boradagi pozitsiyasi haqida ma’lumot berdi. U xalqaro korrupsiya ko‘rsatkichlari, reytinglar va ularning ahamiyati, xususan, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirayotgan bir paytda bu reytinglardagi o‘rinni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston global korrupsiyaga qarshi kurash reytingida 180 ta davlat orasida 121-o‘rinda joylashgan bo‘lib, 100 ballik tizimda 32 ball jamg‘argan.

reklama, uzauto

Shundan keyin Komplayens xizmati bosh nazoratchisi Niyozbek Boymirzayev 2025-yilning 9 oyi bo‘yicha natijalari yuzasidan taqdimot qilib, kompaniyaning korrupsiyaga qarshi siyosati va bu sohada amalga oshirilgan ishlar samaradorligi haqida batafsil ma’lumot berdi. So‘nggi 3 yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladigan reytingda 86 ballik ijobiy natijaga erishilgani, faoliyat davomida 8 ta siyosat, 4 ta tartib, 2 ta uslubiyot, nizom, yo‘riqnoma hamda 1 ta kodeks ishlab chiqilgani qayd etildi.

reklama, uzauto

Shuningdek, 41 nafar komplayens xizmati xodimi huquqni muhofaza qilish akademiyasida onlayn o‘qitilib, sertifikat olgani, komplayens xizmati tomonidan 400 ga yaqin kontragent tashkilotlar tekshirilib, ulardan 28 tasiga salbiy xulosa berilgani va jarayon to‘xtatilgani ta’kidlandi. Xodimlarga korrupsiyaviy xavf-xatar turlari tushuntirilib, ularni besh yo‘nalish bo‘yicha tahlil qilish amalga oshirilgani aytib o‘tildi.

Tadbir davomida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, deklaratsiyalar, xabarnoma va reyestrlarni yuritish jarayonining to‘liq raqamlashtirilgani, xodimlar komplayens siyosatlari, uslubiyot va yo‘riqnomalar bo‘yicha muntazam o‘qitilayotgani ham alohida ta’kidlandi. Kelasi yilda sun’iy intellekt tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani, bu esa kontragentlarni aniqlash, korrupsion xavflarni kamaytirish va jarayonlarni to‘liq raqamlashtirishga xizmat qilishi to‘g'risida ma’lumot berildi.

reklama, uzauto

Shuningdek, viloyat huquq-tartibot idoralari vakillari ham so‘zga chiqib, korrupsiyani kamaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi. Asaka tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i I. Ergashev korrupsiyaga oid qonunchilik mazmuni va amaliyotdagi o‘zgarishlar haqida gapirgan bo‘lsa, ichki ishlar bo‘limi vakili yoshlarga korrupsiya turlari haqida tushuntirishlar berdi.

Tadbir yakunida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javob olishdi.

Reklama huquqlari asosida.