Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda go‘sht va sut mahsulotlarini ko‘paytirish masalasiga e’tibor qaratildi. Kelgusi yilda chetdan 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi.
Paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlarga o‘z yerida chorvachilikni yo‘lga qo‘yish uchun 20 sotixgacha joyda yengil konstruksiyali bino qurishga ruxsat beriladi. Import qilingan nasldor qoramol va bir kunlik jo‘ja uchun subsidiya ajratish tartibi yana 5 yilga uzaytiriladi.
Chorvachilik loyihalari uchun 2026-yil Jahon banki va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasidan olib kelingan resurslar hisobidan $157 mln yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar chorvadorlarga 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan 17% dan beriladi.
Bunga qo‘shimcha JICAdan $150 mln, Osiyo taraqqiyot bankidan $60 mln jalb qilinadi. Bu mablag‘larni samarali ishlatib, kelgusi yilda 5 trln so‘mlik 1 mingta loyihani ishga tushirish, Fransiya tajribasi asosida 167 ta tumanda 340 ta go‘sht va sut yo‘nalishidagi 50−60 boshli kichik chorvachilik xo‘jaliklarini tashkil etish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekistonga Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish rejalashtirilgan. Mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari bilan ko‘paytirish orqali ularning soni 2029-yil yakunigacha 1 mln boshga yetkaziladi.
2025-yilning 1-avgustidan 2027-yilning 31-dekabrigacha tadbirkorlarga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni havo transporti orqali mamlakatga import qilish xarajatlarining 50%i budjetdan qoplab beriladi. Ularga QQSni to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Avgustda mamlakat dastlabki bosqichda 1000 bosh zotdor qo‘y yetkazib berdi. Tomonlar mayda shoxli mollar eksportida davlat bojini ikki yarim baravardan ortiqroqqa pasaytirishga kelishdi. Yil oxirigacha qo‘ylar soni 100 ming boshga yetkaziladi.
Avvalroq O‘zbekistonda go‘sht importi uchun veterinariya ruxsatnomalarini rasmiylashtirish jarayoni soddalashtirilishi haqida xabar berilgandi. Xorij eksportchilar ro‘yxatiga kirmagan korxonalar zarur hollarda 1 yilgacha muddatga ruxsatnomalar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
