Avvalroq prezident Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda “Mirzacho‘l” klasteri cho‘l sharoitida bu yil paxtadan gektariga 50−55 sentnerdan hosil olgani, unga biriktirilgan 27 nafar fermer esa hosildorlikni 85 sentnergacha olib chiqqani aytildi.

Ushbu tajribani ommalashtirish uchun Mirzacho‘lda innovatsion qishloq xo‘jaligi maktabi tashkil qilinmoqda. Butun respublikadagi 1 ming nafar fermer ushbu maktabda cho‘l sharoitida paxta yetishtirish bo‘yicha o‘qitiladi. Mazkur maktabda o‘qib, sertifikat olgan fermerlarga reytingda qo‘shimcha 10 ball beriladi.

Shu bilan birga, ilg‘or fermerlarni ustoz sifatida kam hosil olayotgan fermerlarga biriktirib, har ikki tomonga ham manfaatli bo‘ladigan tizim qilinadi. Ustoz fermerlar o‘z tajribasini shogird fermerga o‘rgatib, hosilni 50 sentnerdan oshirishga ko‘maklashsa, 5 mln so‘m mukofot oladi.

Agrar universitetning 180 nafar talabasi dual ta‘lim asosida ilg‘or klaster va fermerlarda ishlab, amaliyot o‘taydi. Agronomlik sirlarini o‘rgatgan fermer va klasterga har bir talaba uchun 5 mln so‘mdan pul, talabaga esa 1,5 mln so‘m stipendiya to‘lanadi.

Yetarli tajriba va ko‘nikma orttirgan yosh agronomlar qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 167 ta tumanda kafolatlangan ishga yuboriladi. Ular fermerlar faoliyatiga yangiliklarni olib kirib, sifatli urug‘ va nav, zamonaviy agrotexnologiya yordamida hosildorlikni oshirish va xarajatlarni qisqartirishga ko‘maklashadi.

Bu ishlarni sifatli tashkil qilishi uchun ushbu yosh agronomlarga $2000 dan oylik to‘lanadi. Ana shunda agronomlik yoshlar o‘rtasida eng jozibador kasblardan biriga aylanishi ta‘kidlandi.


Avvalroq 2026-yilda O‘zbekistonda jami $367 mlnlik 1 mingta chorvachilik loyihalari ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.